Jahon | 13:51 / 24.03.2023
17944
6 daqiqa o‘qiladi

Putin va Si uchrashuvi nimani anglatadi?

20-22 mart kunlari Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping uch kunlik tashrif bilan Moskvada bo‘ldi. U xalqaro maydonda ihotalanib borayotgan Vladimir Putin bilan uchrashdi. Jami 14ta hujjat imzolangan. Rossiya matbuotiga ko‘ra, bu – Putin va Sining qirqinchi uchrashuvi ekan. Butun dunyo uchrashuvni jiddiy e’tibor bilan kuzatdi. Buning sabablari ko‘p.

Birinchidan, yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan Haaga tribunali tomonidan qidiruv e’lon qilingandan keyingi Moskvaga kelgan birinchi davlat raxbari Si Jinping bo‘ldi. Tabiiy, bu uchrashuv Haaga tribunali qidiruv e’lon qilishidan ancha vaqt oldin reja qilingan. Lekin, qidiruv e’lon qilinganidan keyin Xitoy liderining Moskvaga kelishi, Vladimir Putin uchun siyosiy va geosiyosiy dastak sifatida talqin qilindi.

Ikkinchidan, XXR raisi Si yaqinda uchinchi besh yillik muddatga saylanib, o‘zining birinchi xorijiy tashrifini Moskvadan boshladi. Bu, siyosatda ramziy ma’noga ega. Bu bilan, Si “mening tashqi siyosatimda Putin bilan aloqalar – muhim ahamiyatga ega” degan signalni beradi.

Uchinchidan, 2016 yildan beri diplomatik aloqalari uzilgan Saudiya Arabistoni va Eron Islom Respublikasi, aynan Pekinda, Si vositachiligida yarashishdi. Bu bilan, Si o‘zini xalqaro maydonda “eng katta tinchlikparvar vositachi” deya ko‘rsatmoqda.

Mana shu fonda, Si Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish borasida, bir oy muqaddam o‘z rejasi bilan chiqqan edi. Haliga qadar tomonlar ushbu tinchlik rejasini tamoman qarama-qarshi talqin qilmoqda.

Haqiqatda, Xitoyning 12 punktdan iborat tinchlik rejasida, Ukraina tomonini ham, Rossiya tomonini ham rozi qiladigan nuqtalar bor, va shuning uchun ham, bu reja o‘ta ziddiyatli qabul qilinmoqda.

Eng asosiysi, g‘arb strateglari 1990-yillardan beri qo‘rqib keladigan ssenariy yuz berish ehtimoli kuchayib bormoqda. Bu – AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arbga qarshi qaratilgan Rossiya-Xitoy ittifoqi.

Si boshchiligida, XXR va AQSh o‘rtasidagi raqobat va strategik tirashuv, borgan sari kristallashib bormoqda. AQSh o‘zining istiqbolni belgilash borasidagi tahliliy hujjatlarida, aynan Xitoyni o‘zining “eng asosiy raqibi” sifatida belgilaydi. Rossiyani esa “dushman davlat” deb nomlasa-da, Moskvaning resurslari Xitoynikiga qaraganda bir necha baravar cheklanganligi uchun, asosiy xavotirlarini Pekin bilan bog‘laydi.

Boshqacha qilib aytganda, Xitoy ehtirosga berilmaydi, boy va qudratli, butun elita o‘rtasida konsensus bor, shuning uchun Pekin – AQSh uchun ancha xavfli. Rossiyada Putin hokimiyatdan ketishi bilan, bu davlatning ichki va tashqi siyosati o‘zgaradi, va shu bilan Rossiya-AQSh o‘rtasidagi tirashuv o‘zgarish ehtimoli yuqori.

Demak, Putin va Si uchrashuvlari, Rossiya propagandasi tomonidan “mana, Putin hali ham dunyodagi eng qudratli shaxslar tomonidan tan olinadigan, qudratli siyosatchi” degan ma’noda talqin qilindi.

Si bilan uchrashuvlar vaqtida, Putin Xitoy sha’niga juda ko‘plab komplimentlar qildi. Lekin, Si esa, o‘z nutqlarida juda vazmin va diplomatik chegaradan chiqmadi.

Kuzatuvchilar e’tibor bergan nuqtalar shundan iboratki, bu uchrashuvlarda Rossiya va Xitoy o‘rtasida harbiy hamkorlik haqida gap bo‘lmadi, Rossiyaga Xitoy tomonidan qurol-yarog‘ berilishi aytilmadi. Xitoy o‘zini Rossiya tarafini qullovchi tomon sifatida emas, “tinchlikparvar vositachi” sifatida taqdim qilishga harakat qildi. Shunday bo‘lsa-da, global maydonda XXR Rossiyaning g‘arbga qarshi ittifoqchisi sifatida qabul qilinadi. Chunki, Pekin va Moskvani birlashtiruvchi narsa – ularning Vashingtonga qarshi strategik hamkorligi.

Ayni paytda, Pekin Ukraina urushiga ikki mezon bilan yondashadi. Birinchisi, global geosiyosat – va bu ma’noda, Ukrainaning NATOga intilishi, AQShning yaqin ittifoqchisi ekani Pekinga yoqmaydi. Lekin, halqaro huquq, hududiy yaxlitlik, suverenitet nuqtayi nazaridan, Pekin Ukrainaning Rossiya tomonidan yutilishini istamaydi.

Pekinning ritorikasi shuki, “davlatlarning hududiy yaxlitligi ta’minlansin” deydi. Va bu bilan, Tayvanni o‘zining bo‘lagi ekanini urg‘ulaydi. Qolaversa, Xitoy Xalq Respublikasi ham, xuddi sobiq SSSR kabi, ko‘p tarkibli davlat. Pekin ichki separatizmni o‘zi uchun jiddiy tahdid deb biladi.

Putin va Si qo‘shma bayonotlarida Markaziy Osiyo mintaqasi ham tilga olingan. Ular Markaziy Osiyo mintaqasiga tashqi kuchlar kirishiga karshi ekanini, rangli inqiloblarga yo‘l qo‘ymasligini urg‘ulashgan. Bu bayonot bilan, Putin va Si Markaziy Osiyo mintaqasini o‘zlarining ta’siri va nazorati ostidagi mintaqa sifatida ko‘rishlarini bildirgan.

Aslida, vaziyat ancha ziddiyatli. Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining birinchi va ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkorlari bo‘lmish XXR va RFning mintaqaga ta’siri juda katta. Lekin, aynan mana shu bog‘liqlik fonida, mintaqa davlatlarining suvereniteti, siyosiy va iqtisodiy mustaqilligi hamda hududiy yaxlitligiga qandaydir tahdidlar bo‘lsa, mana shu ikki davlatdan kutish mumkin. Rossiya davlatlarning hududiy yaxlitligini tan olmasligini ko‘p marta isbotladi. XXR esa qarzlar berish hisobiga geosiyosiy bosim vositalarini san’at darajasiga ko‘tardi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid