Jahon | 15:41 / 24.03.2023
6462
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina sudi Medvedchukning xotiniga tegishli mulkni xatlovga oldi

«SBU» talabiga binoan sud Oksana Marchenkoning ofshor kompaniyalar tarmog‘i orqali egalik qilgan metallurgiya zavodidagi ulushini xatlovga oldi.

Foto: TASS

Ukraina sudi Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenkoning 440 million grivnadan (11 million yevro) ortiq «yashirin aktivlari»ni xatlovga oldi. Bu haqda 24 mart, juma kuni Ukraina xavfsizlik xizmati («SBU») ma’lum qildi

«SBU» Marchenkoni Rossiya okkupatsion guruhlarini moliyalashtirganlikda gumon qilmoqda. Sud qarori Zaporijjyadagi A.M.Kuzmin nomidagi «Dneprospetsstal» OAO elektrometallurgiya zavodining 6,8 foiz ulushiga tegishli bo‘lib, unga Marchenko uchta ofshor kompaniya orqali egalik qiladi, deb xabar berdi xavfsizlik xizmati. Korxona strategik ahamiyatga ega bo‘lib, sanoatda po‘lat va temir buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

«Aktivlarning xatlovga olinishi ularni boshqa shaxslarga qayta ro‘yxatdan o‘tkazishdan himoya qiladi va kelajakda davlatimiz foydasiga o‘tkazish imkonini beradi», — deyiladi «SBU» xabarida. 

Fevral oyi oxirida Ukrainada Marchenkoning qiymati 5,6 milliard grivnadan (140,5 million yevro) ortiq bo‘lgan mol-mulki xatlovga olindi. O‘shanda uchta hududiy energiya ta’minoti kompaniyasining ulushi, 18 ta investitsion, agrosanoat, telekommunikatsiya va boshqa kompaniyalardagi aktivlari, shuningdek, ikkita yer uchastkasi, Kiyev va Qrimdagi to‘rtta turar joy binosi va 10 ta avtomobil xatlangan. 

Marchenkoning o‘zi «SBU» tomonidan «konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirish yoki ag‘darish yoki davlat hokimiyatini egallab olish, Ukraina hududi yoki davlat chegarasini o‘zgartirish maqsadida sodir etilgan harakatlarni moliyalashtirish» moddasi bo‘yicha gumonlanayotganini ma’lum qildi (Jinoyat kodeksining 110-2-moddasi 3-qismi). 

Medvedchuk Kremlning Ukrainadagi asosiy siyosiy ittifoqchilaridan biri edi. O‘z so‘zlari bilan aytganda, 2004 yilda Putin kenja qizining cho‘qintirgan otasi bo‘lgan. Uning «Muxolifat platformasi – hayot uchun» rossiyaparast partiyasi urush boshlanishidan oldin Oliy radada 44 o‘ringa ega bo‘lgan. 20 mart kuni Zelenskiy harbiy holat davrida partiya faoliyati to‘xtatilganini e’lon qildi.

Medvedchukning o‘zi 2021 yil may oyidan beri uy qamog‘ida bo‘lgan, unga xiyonat va «milliy boyliklarni talon-toroj qilishga urinish» ayblovi qo‘yilgan. Tergovning ta’kidlashicha, u «DXR» va «LXR» deb atalmish hududlardan ko‘mir yetkazib berish bilan shug‘ullangan va shu tariqa ushbu «respublikalarni» moliyalashtirgan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan uch kun o‘tib, Medvedchukning uy qamog‘idan qochgani ma’lum bo‘ldi. 12 aprelgacha uning qayerdaligi haqida hech narsa ma’lum emas edi, o‘sha kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy siyosatchi ushlanganini e’lon qildi. «SBU» Medvedchuk Kiyev viloyatidan chiqishda qo‘lga olinganini, uning qochishini esa Rossiya maxsus xizmatlari uyushtirganini da’vo qilmoqda. Sentabr oyida Kiyev Medvedchuk 200 nafar ukrainalik harbiy asirga, jumladan «Azovstal» himoyachilariga almashtirilganini e’lon qildi.

Mavzuga oid