Jahon | 11:54 / 25.03.2023
8647
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda o‘lim jazosi bo‘yicha o‘zgartirishlar kuchga kirdi

Qabul qilingan tuzatishlarga ko‘ra, respublikada terrorizmni targ‘ib qilganlik va armiyani obro‘sizlantirish uchun jinoiy javobgarlik hamda davlatga qarshi jinoyatlar uchun jarimalar ham joriy etilgan.

Foto: report.az

Belarusda 25 mart, shanba kuni jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga davlatga xiyonat qilganlik uchun mansabdor shaxslar va harbiy xizmatchilarni o‘lim jazosiga hukm qilish, shuningdek, terrorizmni targ‘ib qilganlik va armiyani obro‘sizlantirish uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi tuzatishlar kuchga kirdi.

«Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi Vazirlar kengashi tomonidan 2022 yil oktyabr oyi oxirida Belarus Milliy majlisi Vakillar palatasiga kiritilgan. 2023 yil fevral oyining oxirida u parlamentda ikki marta o‘qishdan o‘tdi, shundan so‘ng Respublika kengashi tomonidan tasdiqlandi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko hujjatni 9 mart kuni imzolagan, 14 mart kuni esa qonun Belarus milliy yuridik internet portalida e’lon qilingan. Hujjatda aytilishicha, u rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.

Qonunga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan «davlatga xiyonat uchun» jinoiy javobgarlik davlat lavozimini egallab turgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunday holda, hujjat umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki o‘lim jazosini qo‘llash imkoniyatini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, davlatga qarshi yo‘nalishdagi bir qator jinoyatlar uchun 50 ming asosiy birlik (taxminan 680 ming yevro) miqdorida jarima shaklida qo‘shimcha jazo belgilanadi. Ushbu chora, o‘zgartirishlar mualliflarining fikricha, «bunday qilmishlar natijasida yetkazilgan zararning so‘zsiz qoplanishi va ularni sodir etgan shaxslarni jinoiy faoliyatini davom ettirish vositalaridan mahrum etish uchun mo‘ljallangan».

Shuningdek, qonunda «terrorizmni targ‘ib qilish, qurolli kuchlar, boshqa qo‘shinlar va harbiy tuzilmalar, harbiylashtirilgan tashkilotlarni obro‘sizlantirish va davlat sirlarini himoya qilish talablarini buzish» uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Davlatga xiyonat qilish, davlat hokimiyatini egallashga qaratilgan til biriktirish yoki boshqa harakatlar, shuningdek, josuslik va yashirin faoliyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni qamoqqa olish muddati 3 sutkadan 10 sutkagacha oshirildi.

Shu bilan birga, qo‘shimchalar bilan qo‘poruvchilik qilishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq o‘z niyatidan voz kechib, jinoyatning oldini olishga ko‘maklashgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod etish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid