Jahon | 09:04 / 25.03.2023
4434
3 daqiqa o‘qiladi

YeMB Raiffeisen'ga Rossiyadagi biznesi tufayli bosimni kuchaytirdi

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, YeMB Raiffeisen'ni Rossiyada bank faoliyatidan chiqish rejasini yaratishga undamoqda, ammo Rossiya bozoridan zudlik bilan chiqib ketishni talab qilmayapti.

Foto: Getty Images

Yevropa Markaziy banki (YeMB) Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) bank konglomeratiga Rossiyadagi biznesi munosabati bilan bosimni kuchaytirmoqda, deb xabar berdi Reuters 24 mart, juma kuni beshta xabardor manbaga tayanib.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, YeMB bankdan Rossiya bozoridan zudlik bilan chiqib ketishini talab qilmayapti, lekin bank biznesidan chiqish va risklarni boshqarish rejasini tuzishni so‘rayapti. Insayderlardan biri reja Moskvadagi shu’ba bankni sotish yoki yopishni ham o‘z ichiga olishi mumkinligini ta’kidladi. Ayni paytda, RBI hali YeMB so‘rovini bajarmagan va buni amalga oshirish niyatida emas, deydi Reuters manbalari.

Vaziyatni sharhlar ekan, Yevropa Markaziy banki vakili Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng, YeMB banklardan «Rossiyadagi biznesni diqqat bilan kuzatishda davom etishni va uni iloji boricha kamaytirish va qisqartirishni so‘raganini» aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu barcha muassasalarga tegishli.

Agentlikning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan bir yil o‘tgach ham, Raiffeisen yuqori daromadli, ammo bahsli biznesi bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilmagan. Reuters so‘roviga javoban, RBI vakili bankning o‘tgan yil davomida ushbu mavzu bo‘yicha aytganlarini yana bir bor ta’kidladi: Rossiya biznesini rivojlantirishning barcha variantlari, jumladan, yaxshilab o‘ylangan chiqish yo‘li ko‘rib chiqilmoqda. «Pozitsiyamizni e’lon qilganimizda, jarayon biroz vaqt olishini kutgandik. RBI rahbariyati barcha manfaatdor tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqishni tezlashtirmoqda», dedi Avstriya banki vakili. Shu munosabat bilan u konsernning yaxlitligi va moliyaviy barqarorligini saqlash, shuningdek, bank faoliyat yuritayotgan bozorlarda xodimlar va mijozlar oldidagi majburiyatlarga rioya qilishni ustuvor vazifa deb atadi.

Avvalroq Raiffeisen Bank International AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan tekshirilayotgani xabar qilingandi. Bank Reuters agentligiga yanvar oyida OFAC'dan «Rossiya va Ukraina bilan bog‘liq so‘nggi o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan RBI tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan to‘lovlar biznesi va tegishli jarayonlarga aniqlik kiritish» so‘rovi olganini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid