Jahon | 10:21 / 26.03.2023
19981
2 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy dunyo mo‘jizasi – Oltin darvoza ko‘prigi

AQShning Kaliforniya shtatida dunyoga mashhur Oltin darvoza ko‘prigi joylashgan. 1933-1937 yillarda qurilgan inshoot – 1964 yilga qadar dunyodagi eng katta osma ko‘prik hisoblangan.

Oltin darvoza ko‘prigi San-Fransisko shahri bilan Marin okrugini bog‘lab turadi. Ko‘prik – Tinch okeani bilan bevosita tutashib ketgan San-Fransisko ko‘rfazi ustidan qurilgan.

Yangi qurilgan zamonaviy ko‘priklar uni 12-o‘ringa tushirib yuborgan. Shunga qaramay ko‘prik dunyoda eng ko‘p rasmga tushirilgan va yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan maskan hisoblanadi.

Oltin darvoza ko‘prigining umumiy uzunligi – 2737 m, asosiy o‘tish yo‘lagi esa – 1280 metr, suv ustidan balandligi 67 metr, ustunlari bilan balandligi esa - 227 metr. Ko‘prik umumiy konstruksiyasining og‘irligi – 894 ming tonnani tashkil qiladi.

Kuniga 90-100 ming atrofida transport o‘tadigan ko‘prikda avtomobillar harakati 6 qatordan (3+3) iborat. Avtomobillarga ko‘prikning janubiy yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanish 6 dollardan boshlanadi. Tez yordam, politsiya kabi xizmatlar, velosipedchilar va piyodalar ko‘prikdan bepul o‘tadi.

Zamonaviy dunyoning yetti mo‘jizasidan biri sifatida e’tirof qilinadigan Oltin darvoza ko‘prigi aslida oltin rang ham emas, uning rangi qizil-to‘q sariq. Ko‘prikning nomi o‘tgan asrlarda Kaliforniyadagi oltin vasvasasi davri bilan bog‘liq.

Bundan tashqari ushbu ko‘prik o‘z joniga eng ko‘p qasd qilinadigan joylar qatoriga kiradi. Insonlarni bu yo‘ldan qaytarish uchun ko‘prikka kirishda maxsus ishonch telefonlari bor, shuningdek insonlarni asrab qolish uchun ayni kunlarda ko‘prikning yon pastki taraflariga maxsus to‘r o‘rnatib chiqilmoqda. 90 yillarga kelib ko‘prikdan sakrab vafot etganlar soni mingdan oshib ketgach, suiqasdlar bo‘yicha rasmiy statistika yuritilmay qo‘yilgan.

Farrux Absattarov

Mavzuga oid