Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya Rossiyani yadroviy tahdid va qo‘rqitishda aybladi
Berlinning fikricha, Putin Belarusda Rossiya yadro quroli joylashtirilishini NATO yadroviy missiyalari bilan solishtirib, adashmoqda.
Germaniya hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan Belarusda yadro quroli joylashtirilishini tanqid qildi. Bu haqda 25 mart, shanba kuni kechqurun Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili bayonotiga tayanib, dpa agentligi xabar berdi. Berlinda Putinning so‘zlari «yadroviy qo‘rqitishning navbatdagi urinishi» deb ataldi. «NATOning qo‘shma yadroviy missiyalari bilan taqqoslash noto‘g‘ri va bu Rossiya tomonidan e’lon qilingan qadamni oqlay olmaydi», — dedi Germaniya TIV matbuot kotibi. Germaniya o‘zining yadro quroliga ega emas, ammo Amerika yadroviy kallaklari NATO doirasida uning hududida joylashtirilgan. Shu bilan birga, Germaniya hukumati Belarus bir necha bor xalqaro darajada o‘z hududida yadro qurolini joylashtirmaslik majburiyatini olganini eslatdi.
O‘z navbatida, AQSh ma’muriyati Vashington vaziyatni kuzatishda davom etishini aytdi. «Biz o‘z yadroviy kuchlarimizni joylashtirishni to‘g‘rilash uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz, shuningdek, Rossiya yadroviy quroldan foydalanishga tayyorligini ko‘rsatuvchi belgilarni ham ko‘rmayapmiz. Biz NATO ittifoqi doirasida jamoaviy mudofaaga sodiq qolamiz», — deya ma’lum qildi Pentagon matbuot xizmati.
Bir kun oldin Vladimir Putin Rossiya Belarus hududiga taktik yadro qurolini joylashtirmoqchi ekanligini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyaning yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha majburiyatlarini buzmaydi, chunki Moskva ularni Belarus foydalanishiga bermaydi. Shu bilan birga, Putin AQShda ham Yevropadagi ittifoqchilari hududida joylashtirilgan yadro qurollari borligini aytdi. «Biz ular o‘nlab yillar davomida qilgan ishni qilyapmiz, xolos», dedi u.
Mavzuga oid
19:29 / 22.09.2025
Rossiya har qanday tahdidlarga javob berishga qodir – Putin
15:20 / 22.09.2025
Qrim «hokimiyati» Ukraina Forosga zarba berganini ma’lum qildi
14:35 / 22.09.2025
Germaniya Boltiq dengizidagi Rossiya samolyoti tufayli qiruvchilarini havoga ko‘tardi
12:25 / 22.09.2025