O‘zbekiston | 13:10 / 30.03.2023
10666
3 daqiqa o‘qiladi

“Biz bitta el va bitta yurtmiz!” – prezident qoraqalpog‘istonliklar bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi Kegeyli tumanidan boshlandi. Davlat rahbari bu manzilda qoraqalpog‘istonliklar bilan uchrashib, yangidan faoliyatini boshlayotgan 6 ta ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi natijalariga to‘xtaldi. Prezidentga ko‘ra, 2022 yilning avgust oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish vazifalarni belgilab olingan bo‘lib, katta qaror va dastur qabul qilingan. Bular bilan:
-  2023 yilning o‘zida 670 milliard so‘m va 340 million dollar mablag‘lar ajratilgan;
-  tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida, foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlarini 2 baravar pasaytirilgan;
-  ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilangan;
-  faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamg‘armasi kafilligi berilishi belgilangan;
-  har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan.

“Qilayotgan ishlarimiz ko‘p va buni xalqimiz ko‘rib turibdi. Ularning o‘zi bu o‘zgarishlarga adolatli bahosini beradi. Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinyapti va bu ishlar to‘xtamaydi”, dedi prezident.

Qoraqalpog‘istonda so‘nggi yillarda kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish 2 baravardan ziyod o‘sib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Raqamlarda ifodalanadigan bo‘lsa, so‘nggi 6 yilda Qoraqalpog‘istonda:
-  15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan;
-  tadbirkorlar soni 2 baravar ko‘payib (11 mingdan 23 mingga), 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan;
-  ilgari sanoati eng past bo‘lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpog‘istondagi ulushi 12 foizga yetgan (2016 yilda – 7 foiz).

Qorao‘zakda sanoat 5 baravar, Ellikqal’a, Mo‘ynoq, Taxtako‘pirda 3 baravar, Shumanay va Nukus tumanida 2 baravar oshib, bu tumanlarda ishlab chiqarish 2 trillion so‘mga yetgan (2016 yilda 300 milliard so‘m). 

Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab tashrifi davom etadi.

Mavzuga oid