Jahon | 08:26 / 01.04.2023
7199
5 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ursula fon der Lyayyen NATO bosh kotibligiga da’vogarlik qilmoqda

Yevrokomissiya raisi NATO bosh kotibligiga da’vogarlik qilmoqda, deb yozadi The Sun. Biroq, London, tabloidga ko‘ra, fon der Lyayyenning nomzodini bloklashi mumkin.

Foto: AP

Yevropa Komissiyasi (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen NATO bosh kotibi lavozimiga nomzodini qo‘ymoqda. Bu haqda 31 mart, juma kuni Britaniyaning The Sun tabloidi diplomatik manbasiga tayanib ma’lum qildi. Unga ko‘ra, fon der Lyayyenga alyansni boshqarishni NATOning qator davlatlari 2022 yil oktyabr oyida taklif qilgan. Amaldagi bosh kotib Yyens Stoltenberg bu lavozimdagi faoliyatini shu yilning sentabr oyida yakunlashi kutilmoqda. Uning vakolati uch marta, jami qariyb to‘qqiz yil davomida yangilangan.

Fon der Lyayyenning Yevropa Komissiyasi rahbari sifatidagi vakolati 2024 yilning yozida tugaydi.

Shimoliy Atlantika alyansi yangi rahbarni konsensus asosida tayinlaydi, deya eslatadi The Sun. Qo‘shma Shtatlar ittifoqning muhim a’zosi sifatida, hatto bosh kotib odatda Yevropa rasmiysi bo‘lsa ham, yakuniy so‘zni aytadi. Qo‘shma Shtatlar asosan NATOning Yevropadagi ittifoqchi kuchlari bosh qo‘mondoni (SACEUR) lavozimini saqlab qoladi, bu alyansdagi eng yuqori ofitserlik lavozimi.

Shu bilan birga, The Sun Britaniya manbalariga tayanib, Londonning Germaniya mudofaa vaziri sifatidagi tajribasiga qarab, Buyuk Britaniya fon der Lyayyen nomzodini qoniqarsiz deb hisoblagani uchun bloklashi mumkinligini yozadi.

Bundan tashqari, Britaniya Mudofaa vazirligi rahbari Ben Uolles so‘nggi 20 yil ichida Buyuk Britaniyadan NATOning birinchi bosh kotibi bo‘lishga da’vogarlik qilmoqda, deya qo‘shimcha qiladi nashr. Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Uolles nomzodini rasman qo‘llab-quvvatlaydi, deb taxmin qilinmoqda.

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas ham NATO bosh kotibi lavozimiga da’vogar sifatida ko‘rilgan, ammo keyin gazetaning yozishicha, o‘z chegaralarida Rossiya tahdidiga qarshi turishga e’tibor qaratish zarurati tufayli kurashda qatnashishdan bosh tortgan.

Nomzodlar orasida Kanada bosh vaziri o‘rinbosari va moliya vaziri Xristya Friland ham bor, uning onasi ukrainalik. Ammo NATOdagi manbaga ko‘ra, Frilandning bu ishga kirishi dargumon, chunki Ottava mudofaa xarajatlari uchun YaIMning 2 foizini tashkil eta olmayapti.

Ursula fon der Lyayyen NATO bosh kotibi lavozimiga ariza topshirishi mumkinligi haqida avvalroq Italiyaning La Repubblica gazetasi xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fon der Lyayyenning mart oyi boshida Kanada va AQShga safari «boshqacha nuqtayi nazardan» - uning alyans rahbari lavozimiga nomzod bo‘lishi kontekstida ko‘rib chiqilishi kerak edi.

Yyens Stoltenberg 2014 yildan beri NATOni boshqarib keladi. Fevral oyida CNN telekanaliga bergan intervyusida u 2023 yilning kuzida bosh kotiblik lavozimini tark etish niyatida ekanligini tasdiqladi. «Bu yil kuzda ketaman. Ishonchim komilki, alyans mening o‘rnimga munosib odam topadi», - dedi u.

Avvalroq Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar Xitoyning Ukrainadagi Rossiya urushiga munosabati bilan belgilanishini ma’lum qilgandi

«Xitoyning Putin urushiga qanday munosabatda bo‘lishi hal qiluvchi omil bo‘ladi», dedi fon der Lyayyen Bryusselda. 

U kelasi hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga Pekinga tashrif buyurishi kutilmoqda. 

«Rais Si Ukrainaga shafqatsiz va noqonuniy bosqindan xavotirda emas va Putin Rossiyasi bilan «cheksiz» do‘stligiga sodiq qoladi», dedi fon der Lyayyen. 

Pekin Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushini hozircha qoralamadi. «Xitoy adolatli tinchlik izlashda konstruktiv rol o‘ynashga majbur. Ammo bu tinchlik Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga asoslangan taqdirdagina adolatli bo‘lishi mumkin», - dedi u. 

Mavzuga oid