Jahon | 09:21 / 04.04.2023
12218
2 daqiqa o‘qiladi

NBC: Xitoy havo shari AQSh bazalaridan razvedka ma’lumotini yig‘gan

AQSh uzra parvoz qilgan Xitoy havo shari Qo‘shma Shtatlarning bir qator maxfiy harbiy obektlaridan razvedka ma’lumotlarini to‘plagan, deb xabar berdi NBC News.

Foto: AP

Jo Bayden ma’muriyatining bunday ssenariyni bartaraf etishga urinishlariga qaramay, fevral oyida AQSh uzra uchib o‘tgan Xitoy havo shari Qo‘shma Shtatlarning bir qator maxfiy harbiy obektlaridan razvedka ma’lumotlarini to‘plagan. Bu haqda 3 aprel, dushanba kuni NBC News telekanali AQShning ikki yuqori martabali amaldori va bir sobiq ma’muriyat xodimiga tayanib ma’lum qildi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, havo shari bir qancha obektlar ustidan uchib o‘tgan (ba’zi hollarda - sakkiz raqamli trayektoriya bo‘ylab) va to‘plangan ma’lumotlarni real vaqt rejimida Pekinga uzatgan, deb yozadi kanal.

Shu bilan birga, AQSh Mudofaa vazirligi Xitoy apparati real vaqt rejimida XXRga razvedka ma’lumotlarini uzatishga muvaffaq bo‘lganini hali tasdiqlay olmadi. Pentagon vaziyatni tahlil qilishda davom etmoqda, deya Reuters agentligi idora rasmiy vakili Sabrina Singxning so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Razvedka ma’lumotlari asosan qurol tizimlaridan yoki baza xodimlari aloqalaridan olingan elektron signallardan iborat bo‘lgan, lekin tasvirlar kuzatilmagan.

Shu bilan birga, Amerika tomoni bir nechta potensial razvedka nishonlarini harakatga keltirgan va ma’lum darajada havo sharlari tizimlarining elektr signallarini qabul qilish qobiliyatini bloklashga muvaffaq bo‘lgan, deb yozadi NBC News.

15 fevral kuni The Washington Post (WP) gazetasi o‘z nomini oshkor qilmaslikni so‘ragan bir necha amerikalik mulozimlarga tayanib, amerikalik harbiylar Xitoy havo shari uchirilganidan buyon uning yo‘nalishini kuzatib borganini xabar qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid