Jamiyat | 18:19 / 07.04.2023
19165
13 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek jamiyatiga notanish tushuncha - tug‘uruqdan keyingi depressiya haqida

9 oy davomida vujudida bolasini ko‘tarib yurgan ayolning ruhiyatida ona bo‘lgach o‘zgarishlar yuz beradi. U bolasini birdaniga yaxshi ko‘rolmasligi, tushkunlikka tushishi, o‘ziga yoki hatto bolasiga zarar yetkazishga urinish kabi xayollarga borishi ham mumkin. Bunga tug‘uruqdan keyingi depressiya sabab bo‘ladi. Uning shunchaki o‘tib ketishini kutmasdan ayolga ko‘maklashish, uni qo‘llab-quvvatlash ko‘ngilsizliklarning oldini olishga yordam beradi.

Foto: Getty Images

Onalik, shubhasiz, umrning eng chiroyli bosqichi. Biroq farzand tug‘ilgach turmush tarzida keskin o‘zgarish sodir bo‘lishi, gormonlar o‘zgarishi depressiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Tug‘uruqdan keyingi depressiya – ko‘pchilik ota-onalar boshdan kechiradigan holat. Tug‘uruqdan keyingi depressiya har 10 onaning kamida bir nafarida kuzatiladi. Hatto otalar ham depressiyani boshdan o‘tkazishi mumkin.

Foto: Getty Images

Google’ga yozsa, bir olam ma’lumotlar chiqadigan bu tushuncha haqida aytilsa, “Obbo, bizam tuqqanmiz, lekin o‘lmagan bizning jonimiz ekan-da” deydigan, tushunishni xohlamaydigan ayollar ham ko‘p. Biroq tug‘uruqdan keyingi tushkunlik, depressiya ko‘p onalarni chetlab o‘tmaydi. O‘sha vaqtda onaga yordam berilsa, hammasi osonroq bo‘lishi mumkin. 

G‘amginlik

Bola tug‘ilgach onaning ruhiyatida turlicha o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

Ingliz tilida "Baby blues" deb ataladigan ruhiy holatni har 5 onadan 4 nafari his qilib ko‘rishadi. Bu holat chaqaloq tug‘ilganining birinchi kunlarida boshlanib bir necha hafta davom etishi mumkin.

Bunda kayfiyat o‘zgarishi, xavotirlanish, g‘amginlik, diqqat susayishi, yig‘loqilik, ishtaha yo‘qolishi, uxlashga qiynalish kabilar kuzatiladi.

Agar tug‘uruqdan keyingi g‘amginlik 2 haftada o‘tib ketsa, uni davolash shart emas, lekin kuzatilayotgan o‘zgarishlar bundan ko‘proq davom etsa, albatta, shifokorga xabar berish kerak.

Tug‘uruqdan keyingi o‘zgarishlarga nima sabab bo‘ladi?

Homiladorlikda onada estrogen va progesteron gormonlari baland bo‘ladi, tug‘uruqdan so‘ng esa bu gormonlar darajasi keskinlik bilan pasayadi. Oqibatda, bu kayfiyat o‘zgarishiga, depressiyaga sabab bo‘ladi.

Ba’zi odamlarda qalqonsimon bez ishlab chiqaradigan gormonlar miqdori ham keskin tushib ketishi mumkin, bu ularning charchoq his qilishiga va depressiyaga tushishlariga sabab bo‘ladi. To‘yib uxlamaslik, yaxshi ovqatlanmaslik esa shundoq ham sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuchaytirib yuboradi.

Onalikning dastlabki kunlari kuzatiladigan tushkunlik bilan depressiyaning farqlari bor. Depressiya nisbatan uzoq davom etadi va simptomlari ham og‘irroq.

Homiladorlikda ruhiy zo‘riqishlar kuzatilishi, bundan oldin ham depressiya holatlari bo‘lgani, uyda maishiy zo‘ravonlik holatlari bo‘lib turishi, er bilan munosabatlarda qiyinchiliklar ham depressiyaga sabab bo‘ladi. Onalikning dastlabki kunlaridagi hissiy zo‘riqishlar ham depressiyaga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, agar ayolning genida tug‘uruqdan keyingi depressiyani boshdan o‘tkazganlar bo‘lsa, unda ham bunga moyillik bo‘lishi mumkin.

Depressiyaning belgilari qanday?

Psixolog Rozaliya Gabdulhaqovaning ma’lumot berishicha, depressiya – jiddiy klinik diagnoz. 80 foizgacha ayollarda tug‘uruqdan keyingi tushkunlik kuzatiladi. 10-20 foiz ayolda esa holat depressiyagacha yetib borishi mumkin. Undan keyingi bosqichda esa psixoz (0,1-0,3 foiz ayollarda) kuzatiladi.

Depressiyani tug‘uruqdan keyingi tushkunlik bilan adashtirib yubormaslik kerak. Tushkunlik tez orada o‘tib ketadi, lekin depressiya tug‘uruqdan keyingi bir necha hafta ichida rivojlanib bir yilgacha davom etishi mumkin. Depressiya kundalik yumushlarni bajarishga, bolaga g‘amxo‘rlik qilishga xalaqit beradi.

Bunda ayol o‘zini tushkun his qiladi, chaqaloq bilan chiqishib ketishga qiynaladi, odamlardan ajralib qoladi, ishtahasi yo‘qolishi yoki haddan ortiq ishtaha ochilishi kuzatiladi, diqqat susayishi, yaxshi ona bo‘lolmayotgani bilan o‘zini ayblash, o‘ziga yo chaqalog‘iga zarar yetkazish haqida o‘ylash, o‘lim yoki o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar paydo bo‘lishi kuzatiladi. 

Tug‘uruqdan keyingi psixoz

Bunday holat ayollarda kamdan kam holatda kuzatiladi, simptomlari esa ancha og‘ir.

Bunda:

  • O‘zini anglamaslik;
  • Farzand haqida haddan ortiq ko‘p o‘ylash;
  • Gallyutsinatsiya va xayolparastlik;
  • Uyqu muammolari;
  • Haddan ortiq asabiylashish;
  • Boshqalar unga zarar yetkazishiga ishonish hissi;
  • O‘ziga yoki chaqalog‘iga zarar yetkazishga urinishlar kuzatiladi.

Doktorga qachon murojaat qilish kerak?

Ehtimol, ona o‘zida tug‘uruqdan keyingi depressiya yoki psixoz kuzatilayotganini tushunmasligi mumkin. Lekin uni yaqinlari nazorat qilishi va sog‘ligida biror o‘zgarish kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilishi zarur.

“Men depressiyani qanday yengganman?..”

Tug‘uruqdan keyingi tushkunlik, depressiya haqida uni boshdan o‘tkazgan onalar bilan suhbatlashdik. Ular depressiyadan qanday qilib chiqib ketishgani haqida aytib berishdi.

“Barcha ayollarda ham shunaqa holat bo‘lar ekan-da. Bolam yosh payti asablarim charchab ketardi. Ikki oylik payti chaqalog‘im yig‘layversa, qaynonam “Nega boshqalarni bolalari yig‘lamaydi, seniki yig‘layveradi?” katta bolalarim kasal bo‘lib qolsa, “Nega sening bolalaring kasal bo‘laveradi?” deb solishtiraverardi. O‘sha paytlari menga battar og‘ir bo‘lgan. Uch bola baravariga kasal bo‘lsa, yig‘lasa, oson emas hammasiga birday qarash. Iltimos, qaynonalar ham kelinlarni biroz tushunsin”.

“Onam ukam tug‘ilganda depressiyadan chiqa olmay vafot etgan. O‘shanda biz bolalar hammamiz kichkina edik, unga qiyin bo‘lgan. Ruhiy holatidagi o‘zgarishni esa tushuna olishmagan...”

“Menda tug‘uruqdan keyingi holat juda og‘ir o‘tgan: o‘zimni boshqarolmay qolardim. Bir xil payt bolamga zarar yetkazib qo‘ymay deb o‘zimni chetga olardim”.

“Hech kim yordam bermagan, amallab chiqqanman depressiyadan. Yilma-yil tug‘ganman. Bir bolam bir yosh, biri 5 oylik. Ba’zida o‘zimni boshqarolmay qolaman. Er har qancha tushungan odam bo‘lsa ham, bu holatni tushunmas ekan”.

“Menda bo‘lgan, hozir eslash ham hatto qo‘rqinchli. Necha martalab o‘zimni o‘ldirgim kelgan. O‘zim ham, erimning uyidagilari ham holatimni tushunmaganmiz. Uyda tinimsiz janjal edi. O‘shanda ota uyimga qaytib ketganman, ajrimga ham bergandik. Lekin hozir hammasi yaxshi, baxtli oilalardan birimiz”.

“Menda ham tug‘uruqdan keyin tushkunlik bo‘lgan. Tug‘uruqxonadan qaytgach dastlabki kunlarda, ayniqsa bilingan. Hech ish qilgim kelmas, kayfiyatim tushkun, ortiqcha gap ko‘tarmaydigan bo‘lib qolgandim. Turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashi bilan vaziyatdan chiqib ketganman”.

“Ona tug‘uruqdan keyin sal o‘zini tiklab olmayoq unga bolasini topshirib qo‘yishadi. Operatsiya bilan tug‘gan bo‘lsa-ku, deyarli hech narsaga holi bo‘lmaydi. Holsiz holati bilan bolaga qarashga qiynalgan ona tug‘uruqxonadayoq depressiyaga tushishi mumkin”.

“Menda farzandim tug‘ilgach kayfiyat o‘zgarishi bir necha kunda o‘tib ketganday tuyulgandi. Lekin bolam 2 oylik bo‘lgandan boshlab o‘zimni chuqur qayg‘uda his qilardim. Hech bo‘lmasa, 5 daqiqa hayotimdan qochib ketgim kelardi. Hozir bolam 9 oylik bo‘ldi, shu tushkunlikdan haliyam to‘liq chiqmadim. Turmush o‘rtog‘im har doim meni tushunib, yordam berib kelyapti.

Istardimki, ayol farzandli bo‘lgach uning yaqinlari faqat chaqaloqqa emas, onaning sog‘ligiga ham qiziqishsin. Uni maqtab turishsin. Sababi, ayniqsa, yosh onalarda “Men yaxshi ona bo‘la olyapmanmikin?” degan ikkilanishlar ko‘p bo‘ladi. Rag‘bat esa ularga ancha dalda bo‘ladi”.

“Tug‘ish vaqti yaqinlashgach turmush o‘rtog‘imning viloyatiga ketganman. Biz alohida yashaganimiz sabab viloyatda chaqaloqni bag‘rimga olib keyinroq poytaxtga qaytganman. Tug‘uruq og‘ir o‘tgan, uning ustiga turmush o‘rtog‘im uzoqda, o‘zimning ota-onam, yaqinlarim yonimda emasligi uchun ham siqilardim. Lekin qaynonam o‘zimning onamdek parvarish qilgan.

O‘zgargan tana, chaqaloq yig‘isi, uyqusiz tunlar, o‘zidan ko‘ngli to‘lmaslik depressiyaga tushirib qo‘ygandi. 5 oy deganda depressiyadan chiqdim. Yaqinlarim yordami bilan o‘zimga keldim, bolam ham yaxshi uxlaydigan, yig‘lamaydigan bo‘ldi”.

“Homiladorlikda kuchli toksikozdan qiynalganman. Bolam 7 oylikda 1,5 kilogramm tug‘ilgan. U chaqaloqlar bo‘limida, men kattalar bo‘limida reanimatsiyada yotganmiz. Bolamning apparatda yashash uchun kurashib zo‘rg‘a nafas olayotganini ko‘rib aqldan ozay deganman. Juda qiyin o‘tgan u kunlar. Asta-sekin o‘zimga kelganman, bolam ham katta bo‘lyapti”.

“O‘tgan yili qizim tug‘ilganda 2,5 yoshli o‘g‘lim yugurib kelib singlisini bosib oladi degan xayol miyamga kelaverardi. Uni urushib, baqiradigan, hatto qo‘l ko‘taradigan bo‘lib qoldim. O‘sha paytlari o‘g‘limning bog‘chadagi tarbiyachisi “O‘g‘lingiz o‘zgarib qoldi, agressiv bo‘lib qolgan, boshqa bolalarni urib tishlab tashlayapti. Unga mehr yetishmayapti shekilli”, degandi. Shunda xatomni tushunganman va nevropotolog ko‘rigiga borib, davolanib o‘zimga kelganman”.

“Bolalar orasi yaqin bo‘lsa, depressiyaga tushish oson ekan. 2 yoshli bola, chaqaloq, uy ishlari va eplay olmaganim uchun dashnom eshitish... bir men shunaqamanmi deb uzoq yig‘lardim”.

“Tug‘uruqqa yaqin koronavirus yuqtirib ahvolim og‘ir bo‘lgani uchun kovid-markazda operatsiya bilan tug‘ganman. O‘lib qolaman degan xayol, kamiga reanimatsiyada yonimda yotgan kelinning vafot etgani, bolamni birdaniga o‘zimga berishmagani depressiyaga tushishimga sabab bo‘lgan. Juda yig‘loqi, bolam yig‘lasa, asabiylashib ketadigan bo‘lib qolgandim. Turmush o‘rtog‘im tug‘uruqdan keyingi depressiya haqida internetdan o‘qigan ekan. Menga har tomonlama yordam berib dalda bo‘lib o‘sha holatdan chiqarib olgan”. 

Tug‘uruqdan keyingi depressiyadan qanday himoyalanish mumkin?

Rozaliya Gabdulhaqovaning ta’kidlashicha, tug‘uruqdan keyingi depressiya paytida ayolga har qachongidan ko‘proq yordam kerak bo‘ladi.

“Ayolni erkalik qilayotganlikda ayblab, uni aybdorlik hissi bilan shukur qilishga majburlash emas, ko‘proq qo‘llab-quvvatlash kerak. Uy ishlariga, chaqaloq parvarishiga yordamlashish zarur. Chunki depressiya rivojlanishiga onaning jismonan qiynalib ketgani sabab bo‘lishi ham mumkin.

Depressiyada psixolog bilan suhbatlashishga, nevropotolog yoki psixoterapevt ko‘rigiga ehtiyoj bo‘ladi. Ayolga turli vitaminlar buyurilishi, ko‘proq quyoshda sayr qilish tavsiya qilinishi mumkin”, deydi psixolog.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tug‘uruqdan keyingi tushkunlikka vaqtida e’tibor berilmasa, depressiyaga, undan so‘ng psixozga sabab bo‘lishi mumkin. Psixoz juda xavfli bosqich, unda ayol o‘zi yoki farzandining joniga qasd qilishga urinishi mumkin. Shuning uchun onaning yaqinlari unga e’tiborli bo‘lishni asosiy vazifalar qatoriga kiritishi kerak.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid