Jahon | 16:16 / 08.04.2023
9163
3 daqiqa o‘qiladi

The Times Ukrainaning ZAESni qaytarib olishga urinishi haqida ma’lumot berdi

2022 yil oktyabr oyida 600 ga yaqin ukrainalik harbiy Zaporijjya atom elektr stansiyasi ustidan nazoratni tiklashga uringan, biroq bunga erisha olmagan, deb yozadi The Times. 

Foto: Str./AFP/Getty Images

2022 yilning kuzida ukrainalik harbiylar Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasini ozod qilishga uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bu haqda Britaniyaning The Times gazetasi 7 aprel, juma kuni xabar berdi. 

Kiyev Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasiga bostirib kirishga urinishni rasman tan olmadi, biroq Ukraina maxsus kuchlari, harbiy razvedka va dengiz kuchlari vakillari anonimlik sharti bilan nashr jurnalistlariga operatsiya tafsilotlarini aytib berishdi. O‘shanda Rossiya qo‘shinlari Dniproning boshqa qirg‘og‘idagi Ukraina shaharlarini va Nikopoldagi yirik po‘lat zavodini o‘qqa tutish uchun uning hududidan foydalanib, elektr stansiyasini olti oydan ko‘proq vaqt davomida ushlab turgan edi, deb yozadi The Times. 
 
The Times nashrining yozishicha, 2022 yil 19 oktyabrga o‘tar kechasi 600 ga yaqin ukrainalik harbiylar og‘ir pulemyotlar, MK-19 granatalari va tankka qarshi qurollar bilan 30 ta qayiqda Dniproning stansiya joylashgan chap qirg‘og‘iga borishga uringan. Maxsus kuchlar katerlari Dniproni kesib o‘tayotganda, Ukraina harbiylari rossiyaliklar pozitsiyalariga, jumladan, HIMARS raketa tizimlari yordamida o‘q uzishni boshladi. 

«Jangda faqat piyodalar qatnashishi mumkin, degan fikr bor edi. Ular bizga qarshi artilleriyadan foydalana olmaydi, chunki bu atom elektr stansiyasi», - deya operatsiyada qatnashgan harbiylardan birining so‘zlaridan iqtibos keltiradi gazeta. Biroq, unga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari «juda zich mudofaa chizig‘ida bo‘lgan, hamma narsani minalashtirgan». «Biz yaqinlasha boshlaganimizda ular hatto tanklar va artilleriyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri suv ustida bizga qarata o‘q otishni boshladi», deydi ukrainalik harbiylar. «Oxir-oqibat, hujumchilarning kichik guruhi qirg‘oqqa yetib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ular Energodar chekkasida rus armiyasi bilan uch soatlik otishmada bo‘ldi, biroq keyin chekinishga majbur bo‘ldi», deb yozadi The Times. 

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, radiatsiya sizib chiqishi xavfi tufayli hujum qilishga bunday urinish hatto Zaporijjya atom elektr stansiyasini Kiyev nazoratiga qaytarish zarurligiga ishonchi komil bo‘lgan Ukraina rasmiylarida ham xavotir tug‘dirgan.

Mavzuga oid