Jahon | 15:35 / 10.04.2023
9458
2 daqiqa o‘qiladi

London: Rossiya Marinkaga tanklar va artilleriya hujumini kuchaytirdi

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Donetsk yo‘nalishida, jumladan, Marinka va Avdiyivka hududlarida minimal natijalarga erishgan holda, muhim resurslarni sarflashda davom etmoqda. 

Foto: hromadske.radio

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Twitter'da e’lon qilgan kundalik xulosada aytilishicha, o‘tgan haftada Rossiya Donetsk viloyatidagi Marinka atrofida bronetank (tanklar va o‘ziyurar artilleriya) hujumlarini kuchaytirgan. 

Donetskdan 20 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan shahar uchun janglar 2014 yildan beri davom etmoqda va u artilleriya o‘qlaridan «to‘liq» vayron qilingan, deb yozadi razvedka. 

Shu bilan birga, Marinka, ta’kidlanganidek, Donetskka yaqinlashish yo‘nalishlari hamda N15 asosiy yo‘li ustidan nazoratni ta’minlaydi.

Avvalroq Britaniya Mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda Baxmut hududida Rossiya qo‘shinlarining hujumi yana tezlasha boshlagani haqida xabar bergandi. 

Britaniya razvedkasining ta’kidlashicha, Rossiya yanada ilgarilab ketishni boshladi va endi shahar markaziga kirib, Baxmutka daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini egallab olishi mumkin. 

«Ukrainaning shahar g‘arbidagi 0506-asosiy ta’minot yo‘li jiddiy xavf ostida bo‘lishi mumkin», - deyiladi hisobotda. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ta’kidlashicha, Rossiya muntazam kuchlari, jumladan, havo-desant qo‘shinlari ham hujumni kuchaytirdi va Rossiya yana bu sektorda artilleriyadan samaraliroq foydalanmoqda. 

Tahlilchilarga ko‘ra, mahalliy darajada «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi qo‘mondonlari va Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zaro nizoni to‘xtatib, aloqani yaxshilagan bo‘lishi ehtimoli bor.

Mavzuga oid