O‘zbekiston | 15:02 / 11.04.2023
8020
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston So‘xdagi yerosti gaz omborini tiklashni boshlayapti

O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida So‘xdagi yerosti gaz omborini tiklash bilan bog‘liq kelishuvlar amalga oshirilgan edi.

Foto: yuz.uz

10 aprel, dushanba kuni Energetika vazirligi boshchiligidagi Ishchi guruh «Shimoliy So‘x» yerosti gaz saqlash inshootida tabiiy gazni saqlash tizimini tiklashga doir loyiha doirasidagi tadqiqotlarni o‘tkazish uchun mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida Qirg‘izistonning Qadamjoy tumaniga bordi.

«Yangi O‘zbekiston» nashri xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston tarafidan tuzilgan ishchi guruhi bilan uchrashuvda yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish muhokama qilingan. Qirg‘iziston hududidagi gaz quduqlarining holati ko‘zdan kechirilib, loyiha doirasida amalga oshiriladigan navbatdagi qadamlar belgilab olingan.

O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida So‘xdagi yerosti gaz omborini tiklash bilan bog‘liq kelishuvlar amalga oshirilgan edi. «Shimoliy So‘x» yerosti gaz saqlash inshootida tabiiy gazni saqlash tizimini tiklash» loyihasi ham shu rejadan o‘rin olgan.

Ikki davlat energetika vazirlari tomonidan ham mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun «Yo‘l xaritasi» imzolangan. O‘zbekiston tomonidan 15 kishidan iborat ishchi guruh shakllantirilgan. «O‘zLITIneftgaz» bilan birgalikda «Shimoliy So‘x» yerosti gaz saqlash inshooti quduqlarida dala tadqiqotlarini o‘tkazish uchun texnik topshiriq ishlab chiqilgan.

Mavzuga oid