Jamiyat | 17:01 / 11.04.2023
25190
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi maktablarning birida 8-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Mirobod tumanidagi 110-sonli maktab o‘quvchisi 10 aprel kuni soat 17:30 larda vafot etgan. Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 13 yoshli bolaning o‘limiga oshqozonosti beziga keng ko‘lamli qon quyilishi va boshqa holatlar sabab bo‘lgan. Maktabdagi videokamera yozuvlaridan, voqea joyida janjal yoki kelishmovchilik bo‘lgani aniqlanmagan.

Foto: Kun.uz

Kecha, 10 aprel kuni Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 110-sonli maktabda 8-sinf o‘quvchisi vafot etdi.

Kun.uz bog‘langan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, voqea dars vaqtida emas (ijtimoiy tarmoqlarda holat jismoniy tarbiya darsida ro‘y bergani haqida mish-mish tarqaldi), darslardan keyin ro‘y bergan.

Bosh prokuraturaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 10 aprel kuni Mirobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, 110-sonli maktabda 8-sinf o‘quvchisi S.M. soat 17:30 larda vafot etgan. Hodisa sodir bo‘lgan joyga tuman hokimi, tuman prokuraturasi, tuman IIO FMB rahbariyati, tezkor navbatchilik guruhi yetib borgan.

Qayd etilishicha, o‘sha vaqtda maktab videokamera yozuvlari ham tekshirilgan, voqea joyida janjal yoki kelishmovchilik aniqlanmagan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, 2009 yilda tug‘ilgan bolaning o‘limiga “oshqozon osti beziga keng ko‘lamli qon quyilishi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi, o‘ng ko‘z yonida shilinma, ichki a’zolari to‘la qonligi, bosh miya va o‘pkalar shishi” sabab bo‘lgan.

Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid