O‘zbekiston | 09:36 / 16.04.2023
19495
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan «Krasnogorsk» qo‘rg‘oniga avtobus qatnovi tiklandi

Krasnogorsk-Qiziltog‘ shaharchasiga avtobuslar Parkent tumani markazi va Nurafshon shahridan ham qatnay boshladi.

Foto: Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi matbuot xizmati

Toshkent viloyatining Parkent tumani Krasnogorsk-Qiziltog‘ shaharchasi aholisiga qulay va sifatli transport xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish uchun 15 apreldan qator yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, Krasnogorsk—So‘qoq—Changi—Parkent, Krasnogorsk—Yangibozor—Toshkent hamda Krasnogorsk—Yangibozor—Nurafshon shahriga qatnaydigan, uzoq yillar davomida to‘xtab qolgan avtobus yo‘nalishlari faoliyati qayta tiklandi.

VH-405-sonli Qiziltog‘ qishlog‘i—Parkent AShB shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 3 ta harakat jadvallari bilan VH-390-sonli «Nevich» mahallasi—Rohat—Qo‘yliq 5-metro bekati (Qiziltog‘ qishlog‘i orqali) shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 7 ta harakat jadvallari bilan hamda VH-416-sonli Qiziltog‘ qishlog‘i—Nurafshon AshB shahar atrofi avtobus yo‘nalishi 1 ta harakat jadvali bilan tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishlarda faoliyat olib borish vazifasi «Krasnogorsk Avto Xizmat» MChJga yuklatildi. Hozirda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor tomonidan har bir yo‘nalishga 4 tadan transport ajratildi. Keyinchalik yo‘lovchi oqimini hisobga olgan holda avtobuslar soni ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi matbuot xizmati

«Ushbu yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi natijasida yurtdoshlarimiz uchun turizm qishlog‘i bo‘lgan Krasnogorsk (Qiziltog‘)ga Toshkent shahri Qo‘yliq mavzesidan, Toshkent viloyatining ma’muriy markazi Nurafshon shahridan hamda Parkent tuman markazidan to‘g‘ridan to‘g‘ri avtobuslarda yetib olish imkoniyati yaratildi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid