Jahon | 08:20 / 17.04.2023
8801
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Xitoy Tayvan osmonini tezda egallab olishga qodir

Taypey Xitoy raketalari uchirilishini samarali aniqlash qobiliyatiga shubha qilmoqda. Pentagon Tayvan armiyasini yetarlicha tayyorgarlikdan o‘tmagan deb hisoblaydi, deb yozadi The Washington Post maxfiy hujjatlarga tayanib.

Foto: Liu Chang/Xinhua/Getty Images

Tayvanga qurolli bostirib kirilgan taqdirda, Xitoy, aftidan, bu orol ustidagi havo hududini tezda nazorat ostiga olishga qodir, deb yozadi The Washington Post (WP) 15 aprel, shanba kuni Amerikaning maxfiy hujjatiga tayanib. Unda Tayvan harbiy rahbariyatiga aloqador baholar ham bor.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Tayvan armiyasining harbiy qo‘mondonligi uning jangovar samolyotlari faqat yarmi XXR qurolli kuchlariga hech bo‘lmaganda qandaydir tarzda qarshilik ko‘rsatishga qodir, deb hisoblaydi. Shuningdek, u Tayvan havo mudofaasining Xitoy raketalari uchirilishini samarali aniqlash qobiliyatini shubha ostiga qo‘yadi va Tayvan samolyotlarini Xitoy zarbalaridan himoya qilish uchun bunkerlarga ko‘chirishga taxminan bir hafta kerak bo‘ladi, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, AQSh Mudofaa vazirligi Tayvan armiyasining harbiy mashg‘ulotlarini XXRdan ehtimoliy bosqinga samarali tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli emas deb hisoblaydi, deya xabar berilgan boshqa maxfiy hujjatda. WP ta’kidlaganidek, Xitoyning fuqarolik kemalaridan harbiy maqsadlarda foydalanishi AQSh razvedka idoralarining Xitoy bosqinini prognoz qilish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

WP tayangan hujjatlar so‘nggi haftalarda internetda e’lon qilingan Amerika maxfiy materiallari qatoriga kiradi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu oxirgi yillarda AQSh maxfiy ma’lumotlari sizdirilishining eng jiddiylaridan biri edi.

Mavzuga oid