Jahon | 09:17 / 17.04.2023
10943
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada malakali kadrlar tanqisligi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi

Germaniya iqtisodiyoti instituti 2010 yildan beri GFRda mutaxassislarning bunday kuchli tanqisligini kuzatmagan. Germaniyada, ayniqsa, shifokorlar, o‘qituvchilar, tarbiyachilar, ijtimoiy xodimlar va dasturchilar yetishmayapti.

Foto: Adobestock

Germaniyada hozirgi iqtisodiy rivojlanish nisbatan past bo‘lishiga qaramay, malakali kadrlar yetishmasligi rekord darajaga yetdi. Germaniya iqtisodiyoti instituti (IW) 16 aprel kuni ma’lum qilishicha, o‘tgan yili GFRda ishsizlar orasida munosib nomzodlar yo‘qligi sababli 630 mingdan ortiq ish o‘rni bo‘sh qolgan. Bu 2010 yildan buyon kuzatuvlarning butun vaqti uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Kadrlar taqchilligi, ayniqsa, ijtimoiy yordam, ta’lim va tarbiya sohasida, shuningdek, qurilish, arxitektura va muhandislik tizimlarida kuchli bo‘lib, o‘rtacha o‘nta o‘rindan oltitasi bo‘sh qolgan. Tabiiy fanlar, geografiya va informatikada ham o‘rtachadan yuqori tanqislik kuzatildi.

IW ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nta ish o‘rnidan uchtasi tijorat xizmatlari, savdo, marketing, turizm sohalarida to‘lmagan. Shu bilan birga, ekspertlar qayd etishicha, bu yerda kadrlar yetishmasligi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi fonida sanoat inqirozga uchraganidan keyin kechikish ta’siri bilan ham izohlanadi.

Hozir Germaniyada informatika, elektrotexnika, qurilishni rejalashtirish va ular bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislarga ayniqsa talab katta. Bu yerda, IW ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nta ish joyidan to‘qqiztasi bo‘sh.

Ekspertlarga ko‘ra, Germaniyaning malakali mutaxassislar yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarini immigratsiyasiz hal qilib bo‘lmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid