O‘zbekiston | 16:24 / 17.04.2023
3793
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – Slovakiya: parlamentlararo hamkorlik rivojlantiriladi 

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Slovakiya Respublikasi Milliy kengashi raisi Boris Kollar boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Foto: Senat.uz

Uchrashuvda ikki davlat munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, xususan ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

 Senat raisi parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanishi O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlarini kengaytirishga, umuman olganda, o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini, parlament a’zolarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish, qonunchilik, parlament nazorati va boshqa yo‘nalishlarda tajriba almashish zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Slovakiya parlamenti bilan aloqalarni barcha darajalarda tizimli va samarali yo‘lga qo‘yish muhimligiga e’tibor qaratib, o‘zaro muloqotning yana bir muhim mexanizmi - parlamentlararo do‘stlik guruhlari instituti imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zaro hamkorlikni jonlantirish lozimligini qayd etgan.

Boris Kollar esa O‘zbekiston qisqa vaqt ichida dunyoga ochilgani hamda jahon hamjamiyatida o‘z munosib va mustahkam o‘rniga ega bo‘layotganini bildirgan. Bundan tashqari, u Slovakiya O‘zbekiston bilan savdo, iqtisodiy yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ma’lum qilgan. 

Suhbat davomida parlamentlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham fikr almashilgan. 

Uchrashuv yakunida tomonlar parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, tegishli qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari rahbarlari darajasida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida tomonlarning pozitsiyalarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga kelishib olishgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid