Jahon | 21:07 / 18.04.2023
5127
3 daqiqa o‘qiladi

G7 Shveytsariyani rus oligarxlariga qarshi yetarlicha kurashmagani uchun qoraladi 

Guruhning fikriga ko‘ra, ruslar o‘zlarining milliardlab pullarini offshorlarda yashirish uchun Shveytsariyaning shaxsiy hayot daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunlari va boshqa «bo‘shliqlar»dan foydalanmoqda. 

Foto: Reuters

«Katta yettilik» davlatlari Shveytsariyani sanksiyalardan qochgan rossiyalik oligarxlarga qarshi kurashda yetarlicha harakat qilmayotgani uchun tanqid qildi. Bern ayblovlarni asossiz deb hisoblaydi. Bu haqda Financial Times yozdi. 

Jurnalistlar Berndagi G7 elchilari va Yevropa Ittifoqi elchisi tomonidan imzolangan maktub nusxasini oldilar. Uning haqiqiyligini G7 davlatlarining yuqori martabali diplomatlari tasdiqlagan. Shveytsariyaning Handelszeitung ishbilarmonlik nashri ilk bor hujjat haqida xabar berdi. 

5 apreldagi maktub Shveytsariya Federal kengashi - hukumatiga yuborilgan. «Katta yettilik» unga mamlakat Rossiya pullari uchun «xavfsiz boshpana»ga aylanmasligi yo‘lida qilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirgan, biroq sanksiyalar rejimini qo‘llash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini qayd etgan. 

Guruhning fikriga ko‘ra, ruslar o‘zlarining milliardlab pullarini offshorlarda yashirish uchun Shveytsariyaning shaxsiy hayot daxlsizligi to‘g‘risidagi qonunlari va boshqa «bo‘shliqlar»dan foydalanmoqda. 

Shveytsariyaning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat Rossiyaning 7,5 milliard Shveytsariya frankiga teng aktivlarini muzlatib qo‘ygan, biroq G7 elchilari bu miqdor ancha yuqori bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. 

Boshqa narsalar qatorida, ular Shveytsariyada ikki fuqarolik, qonuniy rezidentlar, Shveytsariya yuridik shaxslari bilan yuridik aloqalari bo‘lgan shaxslar va bilvosita benefitsiar mulkka ega bo‘lgan shaxslar uchun mamlakatda mavjud himoya vositalariga ishora qiladilar. G7 ushbu «bo‘shliqlar» Shveytsariyani obro‘-e’tiborga xavf solishi haqida ogohlantirgan. 

FT sharhida SECO vakili G7 da’volarini «asossiz» deb atagan va Shveytsariya hukumati G‘arb sanksiyalariga «zudlik bilan qo‘shilganini» eslatgan. Shuningdek u G7 elchilari Shveytsariya qonunchiligining tegishli me’yorlarini noto‘g‘ri tushungan bo‘lishi mumkinligini, sanksiyalardan bo‘yin tovlashga yordam berish jinoiy javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid