Jahon | 09:37 / 18.04.2023
6977
2 daqiqa o‘qiladi

Kara-Murza tarafdorlari siyosiy mahbuslarga yordam berish fondini ochdi

Yevgeniya Kara-Murza raislik qiladigan «30 oktabr fondi»ning maqsadi rossiyalik siyosiy mahbuslarning oilalariga, ularning siyosiy qarashlari va diniy e’tiqodlaridan qat’i nazar, moddiy yordam ko‘rsatishdan iborat.

Foto: RIA Novosti

Rossiya sudi tomonidan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murzaning tarafdorlari 17 aprel, dushanba kuni rossiyalik siyosiy mahbuslar va ularning oilalariga «siyosiy qarashlari va diniy e’tiqodidan qat’i nazar»yordam ko‘rsatuvchi «30 oktabr fondi» ishini boshladilar

Ushbu ishning maqsadlarini Kara-Murzaning o‘zi tasvirlab bergan. Uning so‘zlari siyosatchining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tarqaldi: «Hozirgi Rossiyada allaqachon sovet hokimiyatining so‘nggi yillariga qaraganda yuzlab siyosiy mahbuslar bor, ularning barchasi aybsiz qamalgan, faqat e’tiqodlari hokimiyatning rasmiy chizig‘iga to‘g‘ri kelmagan. Davlat qatag‘onlari qurbonlariga ularning yaqinlari, tirikchilik vositalarisiz qolgan oilalari, farzandlari ham aylandi. Bizning Fond ularni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan».

Qayd etilishicha, fond boshqaruvi tarkibiga Rossiya va xorijdan taniqli jamoat arboblari, huquq himoyachilari kiradi. Kara-Murza tarafdorlari o‘z ismlarini keyinroq fond saytida e’lon qilishga va’da berishdi. Rossiyalik muxolifatchining rafiqasi Yevgeniya Kara-Murza boshqaruv raisi bo‘ldi.

«30 oktabr fondi» budjetiga birinchi hissa Vladimir Kara-Murzaga 2022 yilda Yevropa Kengashi tomonidan berilgan Vatslav Havel mukofoti va Axel Springer Stiftung jamg‘armasining Jasorat mukofoti doirasida olingan 90 ming yevrolik mablag‘ bo‘ldi.

«Fondning pirovard va asosiy maqsadi - o‘zini o‘zi tugatish. Rossiyada siyosiy mahbuslar qolmaganida bunga erishiladi. Ungacha biz begunoh ta’qibga uchraganlarning oilalari qo‘llab-quvvatlovsiz qolmasligi uchun hamma narsani qilamiz», deya ta’kidlaydi Vladimir Kara-Murza tarafdorlari.

Mavzuga oid