Jahon | 07:49 / 18.04.2023
16936
2 daqiqa o‘qiladi

«Vagnerchilar» Gulagu.net'ga Ukrainadagi qotilliklar haqida gapirib berdi

Sobiq mahbuslar Vladimir Osechkinga Baxmut va Soledarda ukrainalik harbiy asirlar va tinch aholi, jumladan, bolalar o‘ldirilgani haqida gapirib berishdi. Ularning da’volari boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Sobiq mahkum Azamat Uldarov / Videodan kadr

Gulagu.net inson huquqlari loyihasi Ukrainada «Vagner» XHK tarkibida jang qilgan va Rossiya prezidentining farmoni bilan afv etilgan ikki sobiq rossiyalik mahbusning ko‘rsatmalarini e’lon qildi. Tegishli xabarni 17 aprel, dushanba kuni loyiha asoschisi Vladimir Osechkin o‘zining Facebook'ida joylashtirdi.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmatining Saratov viloyatidagi 13-sonli koloniya sobiq mahkumi Azamat Uldarov Soledar va Baxmutda bolalarni buyurtma asosida qanday qilib o‘ldirganini aytib berdi. «Ular hammani tozalash va yo‘q qilish buyrug‘ini berishdi» - erkaklar, ayollar, qariyalar va bolalar, deb ta’kidladi sobiq mahbus. Xususan, u Soledarda bir qizni qanday o‘ldirganini aytib berdi. «U besh-olti yoshda edi, men o‘q uzganman, bilasizmi, nazorat o‘qini», - dedi Uldarov.

O‘z navbatida, Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmatining Voronej viloyatidagi 1-sonli koloniya sobiq mahkumi Aleksey Savichev huquq himoyachilariga buyruqqa bo‘ysunishdan bosh tortgan 70 ga yaqin sobiq mahbus uning ishtirokida otib tashlanganini aytdi. Bundan tashqari, u 2023 yil yanvar oyida o‘zining yuqori qo‘mondonlari buyrug‘iga binoan Baxmut hududidagi ariqqa 30 ga yaqin F-1 granatalarini uloqtirgani, u yerda halok bo‘lgan va yaralangan ukrainaliklar hamda rossiyaliklar bo‘lgani, shundan so‘ng jasad qoldiqlariga o‘t qo‘yganligi haqida guvohlik berdi. 

Osechkin ta’kidlaganidek, sobiq mahbuslarning ikkalasi ham Rossiya hududida bo‘lib, xorij maxsus xizmatlarining ta’siri ostida bo‘lmagan holda o‘z ko‘rsatmalarini bergan. Shu bilan birga, sobiq «vagnerchilar» tomonidan aytilgan voqealar, shuningdek, videodagi odamlar kimlar ekanligi hali boshqa manbalardan tasdiqlanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid