Jahon | 15:16 / 18.04.2023
10595
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Misr Rossiya uchun raketa ishlab chiqarish rejasidan voz kechdi

Foto: Alex Brandon/AP

The Washington Post gazetasining yozishicha, Misr rasmiylari AQSh bosimi ostida Rossiyaga raketa ishlab chiqarish va yashirincha yetkazib berish niyatidan voz kechgan, buning o‘rniga Ukraina uchun snaryadlar chiqariladi

The Washington Post (WP) gazetasi yozishicha, Misr AQShning diplomatik bosimi ostida Ukrainaga qarshi ikki yildan beri keng ko‘lamli urush olib borayotgan Rossiyaga yashirincha raketa yetkazib berish rejasidan voz kechgan. Mart oyi boshida AQShning yuqori martabali amaldorlari bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng Qohira ushbu rejani amalga oshirishni to‘xtatib qo‘ydi, deb yozadi gazeta 17 aprel, dushanba kuni AQSh razvedkasi hujjatiga tayanib. 

Buning o‘rniga Misr Ukraina uchun 152 millimetr va 155 millimetrli artilleriya snaryadlari ishlab chiqarishga qaror qildi, bu AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati uchun «aniq diplomatik g‘alaba»ga aylandi, deb yozadi WP. Biroq hujjatlarda Qohira keyinchalik Moskvaga raketalar berish rejasini amalga oshirishni qayta tiklaganmi va u AQShga Ukraina uchun o‘q-dorilar yetkazib berganmi yoki yo‘qmi, ko‘rsatilmagan.

Bir hafta oldin The Washington Post nashri Misrning Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun o‘n minglab raketa ishlab chiqarish rejalari haqida xabar bergan edi. Ularni ishlab chiqarish va tashish g‘arb davlatlaridan sir saqlanishi kerak edi. 17 fevraldagi hujjatga ko‘ra, Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi yuqori martabali harbiy amaldorlarga Rossiyaga yetkazib berish uchun 40 mingtagacha raketa ishlab chiqarishni buyurgan. Bundan tashqari, davlat rahbari «g‘arb bilan muammolarga yo‘l qo‘ymaslik» uchun snaryadlarni ishlab chiqarish va tashish haqidagi ma’lumotlarni sir saqlashni talab qildi, deb ta’kidlaydi WP. 

Misr Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili nashr so‘roviga javoban Qohiraning Ukrainada urush boshlanganidan beri tutgan pozitsiyasi «inqirozga aralashmaslik va har ikki tomondan teng masofada turish majburiyatiga asoslanishini» ta’kidladi.

Shu bilan birga, WP Rossiyaga ehtimoliy harbiy yordam Moskva bilan uzoq yillik diplomatik va harbiy munosabatlariga qaramay, AQSh ittifoqchisi bo‘lib qolayotgan Misr tashqi siyosiy ahvolini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidladi. So‘nggi yillarda Qohira Vashingtondan yiliga qariyb 1 milliard dollar (taxminan 919 million yevro) harbiy yordam olib kelgan. 

Mavzuga oid