Jahon | 18:49 / 19.04.2023
8237
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyoning bir qator mamlakatlari aprel oyida anomal issiqlikka duch keldi

Laos, Tailand, Myanma, Hindiston va Xitoyda havo harorati 40 darajadan oshdi.

Foto: KUN.UZ

Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Hindiston va Xitoyda g‘ayritabiiy issiq ob-havo kuzatildi. Bu haqda mahalliy OAV ma’lumotlariga tayanib, Interfax xabar berdi.

Aprel oyi uchun harorat rekordlari Laosda (+42,7°C), Tailandda (+45°C) va Myanmada (44°C) o‘rnatilgan.

Avvalroq, Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha «mamlakatning turli qismlarida xavfli darajadagi yuqori havo harorati» bo‘yicha xavotir bildirdi. Uning aytishicha, Bangkok hududida havo harorati 52,3 darajaga yetishi mumkin.

Xitoyda bir vaqtning o‘zida bir nechta shaharlar - Chengdu, Chjyetszyan, Nankin va Xanchjouda rekord darajadagi yuqori havo harorati qayd etildi.

Hindistonning bir qator hududlarida meteorologiya xizmati jazirama tufayli xavf kuchayganini ma’lum qildi. Hindiston shimoli va sharqidagi oltita shaharda havo harorati 44 darajadan oshdi, poytaxtda esa harorat 40 darajaga yetdi. Issiq ob-havo sharoiti shu hafta oxirigacha davom etishi kutilmoqda. Mamlakatning ayrim shtatlarida maktablar yopildi, 13 kishi issiq havo ta’siridan halok bo‘lgani haqida xabar berildi.

Pokiston va Bangladeshning aksariyat hududlarida ob-havo bir necha kun davomida 40 darajadan yuqoriga ko‘tarildi.

Harvard va Vashington universitetlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, bu asrda odamlar uchun haddan tashqari issiq ob-havo hozirgidan 3-10 marta tez-tez sodir bo‘ladi.

Mavzuga oid