O‘zbekiston | 11:35 / 20.04.2023
9016
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zLiDeP: Birgalikda ochiq jamiyat quramiz

Foto: O‘zLiDeP

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati tashviqotiga bag‘ishlangan event tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya vakillari, faollari va keng aholi vakillari ishtirok etishyapti.

Tashviqot tadbirlarning navbatdagisi poytaxtning Olmazor tumanidagi Universitet ko‘chasi hududida “Birgalikda ochiq jamiyat sari!” shiori ostida tashkil qilindi. Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Toshkent shahar, tuman kengashi deputatlari, tuman ahli, yoshlar, tadbirkorlar, partiya faollari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan partiya vakillari tadbirkor, ishbilarmon, klaster va fermerlar konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasida o‘z takliflari bilan faol ishtirok etishganini alohida e’tirof etishdi. Yangi tahrirdagi konstitutsiyada partiya elektorati bo‘lgan biznes sub’yektlar manfaatlarini to‘liq himoya qiladigan qator normalar o‘z aksini topayotgan ta’kidlandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, ushbu o‘zgarishlarning aksariyati tadbirkor, fermerlar uzoq kutgan, mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlardir. Masalan, loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlari belgilanyapti. Shuningdek, Konstitutsiyada barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanishi katta ahamiyatga molik. Mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasining Bosh qomusimizda belgilanishi – partiya a’zolari va elektorati uchun ayni muddao bo‘lyapti. Mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ham rag‘batlantiradi. Shu bois, uni hech ikkilanmasdan xalq Konstitutsiyasi deyish mumkin.

Tadbirda partiya faollari, tadbirkor, ishbilarmon, faxriylar, yoshlar ham so‘zga chiqib, xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishga hammani chaqirishdi.

O‘zLiDeP Toshkent shahar kengashi matbuot xizmati

Mavzuga oid