Jahon | 21:18 / 20.04.2023
45553
2 daqiqa o‘qiladi

Starship raketasining ilk parvozi halokat bilan yakunlandi 

Dunyodagi eng katta raketa atigi 4 daqiqa uchdi. 

Foto: Patrick T. Fallon / Getty Images

Ilon Mask rahbarlik qiladigan SpaceX kompaniyasi tarixda birinchi marta takror foydalanish mumkin bo‘lgan Starship o‘ta og‘ir raketasini samoga uchirdi. Ammo test parvozi halokat bilan yakunlandi. 

Parvoz Texasning Boka-Chika okrugidagi SpaceX poligonida amalga oshirildi. Uni jonli ravishda tomosha qilish mumkin edi. 

Raketa parvoz boshlanganidan 4 daqiqa o‘tgach, 38 km balandlikda birinchi qismini ajratib yuborish paytida portlab ketdi. 

Sinov parvozi ekipajsiz amalga oshirildi. Rejaga ko‘ra, u bir yarim soat davom etishi, Super Heavy tezlatkich raketasi undan ajralib chiqib, Meksika ko‘rfaziga qulashi, Starship orbitaga chiqishi va keyin Havayi orollari yaqinida okeanga qo‘nishi kerak edi. 

Dastlab Starship raketasining ilk parvozi 17 aprel kuniga belgilangan edi. Biroq, parvozdan 40 soniya oldin favqulodda qoldirildi. Mask ijtimoiy tarmoqda texnik muammo haqida xabar berdi: raketa klapanlaridan biri muzlab qolgan edi. 

SpaceX veb-saytiga ko‘ra, Starship hozirgacha qurilgan eng qudratli va eng baland kosmik kema bo‘lib, 150 tonnagacha yukni ko‘tarishga qodir. Raketa tizimi ikki qismdan iborat: 33 dvigatelli Super Heavy raketasi va Starship kemasi. 

Starship Yer orbitasidan tashqariga, Oy va Marsga uchish uchun mo‘ljallangan. 

Mavzuga oid