Britaniya bosh vaziri o‘rinbosari bulling bo‘yicha ayblovlar tufayli iste’foga chiqdi
Britaniya bosh vaziri o‘rinbosari Dominik Raab mustaqil tergov tomonidan tasdiqlangan nomaqbul xatti-harakatlar va ikki zo‘ravonlik epizodlari haqidagi da’volar ortidan iste’foga chiqdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘rinbosari va adliya vaziri Dominik Raab 21 aprel, juma kuni mustaqil tergov unga nisbatan ikki marta zo‘ravonlik (tajovuzkor va noo‘rin xatti-harakatlar) ayblovlari aniqlanganidan keyin iste’foga chiqishini ma’lum qildi.
«Advokat Adam Tolli tomonidan o‘tkazilgan tergovga asoslangan hisobotni olganimdan so‘ng, men iste’foga chiqishimni e’lon qilish uchun yozyapman. Men tergov o‘tkazishga chaqirdim va agar mening qo‘rqitish harakatlarim haqida biron bir dalil topilsa, iste’foga chiqishga va’da berdim. Men uchun o‘z so‘zimni bajarish juda muhim», dedi Raab bosh vazir Rishi Sunakka yo‘llagan maktubida, sobiq bosh vazir o‘rinbosari uni Twitter sahifasida e’lon qildi.
Raabning ta’kidlashicha, unga qo‘yilgan sakkizta ayblovdan faqat ikkitasi qonuniy deb topilgan. «Men ikki salbiy xulosa zararli ekani va hukumatning to‘g‘ri ishlashi uchun xavfli pretsedent yaratishiga ishonaman», deb yozgan Raab, vazirlar xodimlar ishini «oqilona» tanqid qila olishi kerakligini ta’kidlab. Tergov, uning fikricha, kelajakda «vazirlar ustidan soxta shikoyatlar»ni rag‘batlantiradi.
«Janob Tolli shunday xulosaga keldiki, men to‘rt yarim yillik ish faoliyatim davomida hech qachon hech kimga qo‘pol munosabatda bo‘lmaganman yoki baqirmaganman, hech kimni qasddan kamsitishga intilmaganman, hech kimni jismoniy qo‘rqitmagan», deb yozgan Raab. U harakatlari natijasida jabr ko‘rganlardan uzr so‘radi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak o‘z maktubida Raabning iste’fosini «chuqur afsus bilan» qabul qilganini aytdi.
Vazirga nisbatan birinchi «bulling» bo‘yicha ayblovlar 2022 yil noyabrida paydo bo‘lgan. Raabning sobiq xodimlaridan biri vazir «qo‘rquv madaniyati»ni yaratganini aytdi. Raab ayblovlarni rad etdi va tergov o‘tkazishni talab qildi. Britaniya matbuotiga ko‘ra, kamida 24 kishiga tegishli jami sakkizta shikoyat kelib tushgan.
Advokat Adam Tolli o‘z hisobotida Raab tashqi ishlar vaziri sifatida «qo‘rqituvchi» va «tajovuzkor» bo‘lganini bildirgan. Adliya vazirligida ishlaganidan esa u «tanqidiy fikr-mulohazalarni bildirishda kerak bo‘lgandan yoki maqsadga muvofiq bo‘lganidan ko‘ra chuqurlashib ketgan», deb yozadi Reuters.
Mavzuga oid
10:30 / 20.09.2024
O‘zbekiston va Britaniya bo‘lajak diplomatlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilishi mumkin
22:48 / 18.09.2024
Britaniyada kapalaklar kamayib ketayotgani tufayli «favqulodda holat» e’lon qilindi
13:12 / 18.09.2024
Buyuk Britaniyada qirollik fermasi uchun cho‘pon qidirilmoqda
13:20 / 16.09.2024