20:18 / 25.04.2023
16622

«Vagner»ning Sudandagi izlari. U qaysi tomonni qo‘llaydi?

Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ayni vaqtda Sudanda o‘zining yollanma jangchilari yo‘qligiga ishontirmoqda. Ammo ko‘plab manbalar tasdiqlashicha, «Vagner» u yerda manfaatlar va aloqalarga ega – urushayotgan tomonlarning ikkisi bilan ham.

Foto: BBC Russian

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin ikki yildan buyon Sudanda kompaniyaning birorta jangchisi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Ammo ular bu yerda bo‘lishgan, Yevroittifoq va AQSh Sudanda ishlagan va ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Prigojin hamda «Vagner» XHK bilan aloqador bo‘lgan firmalarga qarshi sanksiyalar qo‘llagan.

Oltin orqali kelishuv

2017 yilda Sudanning o‘sha vaqtdagi prezidenti, Xalqaro jinoiy sud tomonidan Darfurdagi aholi genotsidida aybangan Umar Bashir Moskvaga kelgan va bu yerda Rossiya hukumati bilan bir qancha kelishuvlar imzolagandi.

Bu kelishuvlar qatorida Qizil dengiz sohilidagi Port-Sudan shahrida Rossiyaning harbiy-dengiz bazasini qurish, shuningdek Rossiyaning «M Invest» firmasi va Sudan minerallar vazirligi o‘rtasida oltin qazib olish konsessiyalari bo‘yicha kelishuvlar ham bor edi.

Sudan oltin qazib olish bo‘yicha Afrikada uchinchi o‘rinda turadigan mamlakat hisoblanadi.

AQSh moliya vazirligi «M Invest» firmasi va uning shu’ba korxonasi bo‘lgan Meroe Gold firmasidan «Vagner» XHKning Sudandagi faoliyatini niqoblashda foydalanilishini aytadi.

2019 yil aprelida Umar Bashirga qarshi namoyishlar. Sudan bo‘yicha ekspertlarga ko‘ra, vagnerchilar avvaliga namoyishlarni bostirishda Bashirga yordam bermoqchi bo‘lgan. Keyin esa Bashirni ag‘dargan generalni qo‘llagan. Foto: AFP

«Yevgeniy Prigojin va uning tarmog‘i Sudanning tabiiy resurslaridan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanadi va o‘zining zararli ta’sirini butun sayyoraga tarqatadi», degandi 2020 yilda AQShning o‘sha vaqtdagi moliya vaziri Stiven Mnuchin.

AQSh «M Invest»ga ham, Meroe Gold’ga ham sanksiyalar kiritgan.

CNN telekompaniyasi o‘tkazgan surishtiruvda Sudan oltinlari «Vagner» XHK faoliyat yuritadigan Markaziy Afrika Respublikasi hududiga olib o‘tilishi va bu eksport Sudan rasmiy statistikasida aks etmasligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Britaniyadagi Daily Telegraph nashrining 2022 yilda chiqqan maqolasida aytilishicha, oltinlarning katta qismi harbiy aerodromlar orqali yashirincha olib chiqiladi.

«Vagner» XHK Sudanda yana nimalar bilan mashg‘ul?

2017 yildan boshlab Rossiya va xorijdagi manbalar bir necha bor «Vagner» yollanma jangchilari Sudandaligi aks etgan foto va videolarni namoyish etgan. Bu manbalarga ko‘ra, ushbu jangchilar bu yerda sudanlik harbiylarni o‘qitish va ommaviy namoyishlarni bostirishda yordam berish bilan shug‘ullanishadi.

«Vagner» bo‘linmalaridan birining komandiri va sudanlik harbiylar, 2019 yil

2021 yilda «Vagner» XHK bilan aloqador hisoblangan Grey Zone telegram-kanali kompaniyaning «asosiy jangovar tuzilmalaridan birining» shaxsi ochiqlanmagan komandiri ikki yil oldin sudanlik harbiylarga esdalik nishonlari taqdim etishi aks etgan fotosuratni e’lon qilgandi.

Iyul oyida esa shu kanalda sudanlik askarlar vagnerchi harbiy rahbarligida vertolyotdan parashyut orqali sakrashi aks etgan videoni namoyish etgandi.

«Vagner» Sudanda qanchalik kuchli ta’sirga ega?

AQSh moliya vazirligi hisoblashicha, «Vagner» XHK Sudanda «harbiylashgan amaliyotlar o‘tkazish, avtoritar rejimni saqlab qolishga yordam berish va tabiiy resurslarni ekspluatatsiya qilish» bilan band bo‘ladi.

«Avvaliga, 2018 yilda ularning bu yerda 100 nafar atrofida odami bo‘lgan, bu odamlar sudanlik harbiylarni o‘qitishgan va shundan aloqalar rivojlana boshlagan», degan Mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha birlashgan qirollik instituti (RUSI) vakili, doktor Joana de Deush Pereyra.

Sudan matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, keyinroq vagnerchilar soni 500 nafargacha yetgan. Ularning aksari mamlakat janubi-g‘arbida, Markaziy Afrika Respublikasi bilan chegaradagi Um Dafuk qishlog‘ida joylashgan.

2019 yilda, Sudanda prezident Umar Bashirga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari avj olganida, Sudan Tribune gazetasi «rus jangchilari» Sudan maxsus xizmatlari bilan bu namoyishlarni chetdan kuzatib turgani haqida yozgan. Sudan hukumati buni rad etgan.

Rossiyaliklarning Afrikadagi faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar muallifi Samuel Ramanining ma’lumotiga ko‘ra, «Vagner» XHK prezident Bashirni qo‘llagan holda tashviqot kampaniyasi olib borgan.

«Prigojin namoyishchilarni Isroil tarafdori va islom diniga qarshi kuchlar sifatida ayblashni taklif qilgandi», deydi doktor Ramani.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Bashirning maxsus xizmatlari bilan kelishmovchilik keltirib chiqargan va «Vagner» XHK keyinroq Bashirni ag‘dargan general Abdulfattoh al-Burxonni qo‘llashga qaror qilgan.

«Rossiya TIV davlat to‘ntarishiga qarshi edi, Prigojin va «Vagner» XHK esa al-Burxon hokimiyatga kelishini olqishladi», degan doktor Ramani.

Keyin, 2021-2022 yillarda «Vagner», Ramanining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda muntazam armiya va general al-Burxonga qarshi kurash olib borayotgan Tezkor reaksiya kuchlari bilan aloqalarni mustahkamlagan. Gap shundaki, Prigojin Tezkor reaksiya kuchlari qo‘mondoni, general Muhammad Hamdon Dagalo (Xemeti nomi bilan ham mashhur) egalik qiladigan oltin konlariga qiziqib qolgan.

O‘tgan yili Dagalo Moskvaga tashrif buyurgan - o‘zining aytishicha, bu tashrifdan maqsad Sudan-Rossiya munosabatlarini mustahkamlashdan iborat bo‘lgan.

Biroq, hozirgi mojaroda, Sudan bo‘yicha ekspert, Confluence Advisory tahlil markazi vakili Xolud Xairaning fikricha, «Vagner» tomonlarning birini boshqasiga qarshi qo‘llab-quvvatlamaydi.

«Vagner» general al-Burxonning biznesi bilan ham, janob Xemetining biznesi bilan ham tur xildagi va miqyosdagi aloqalarga ega», deydi u.

Xartumda Sudan armiyasi va RSF kuchlari o‘rtasidagi janglar vaqtida vayron bo‘lgan uy. 2023 yil 17 aprel
Reuters / Scanpix / LETA

«Vagner» isyonchilarga raketalar yetkazib bergan

«Vagner» XHK Sudan Tezkor reaksiya kuchlariga (RSF) mamlakat muntazam armiyasiga qarshi turishda yordam berish uchun raketalar yetkazib bergan. Bu haqda CNN mintaqadagi diplomatik manbalariga asoslanib xabar tarqatdi. Bu ma’lumotni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ham tasdiqlaydi, ularda «vagnerchilar»ning Liviyaning Sudan bilan chegarasi yaqinidagi (general Xalifa Haftar armiyasi nazorat qiladigan hudud) bazalarda kuzatilgan faollik aks etgan. RSF va armiya o‘rtasida to‘qnashuvlar 15 aprel kuni boshlangandi va hamon davom etmoqda, yuzlab kishilar halok bo‘lgan.

CNN jurnalistlari All Eyes on Wagner loyihasi bilan birgalikda sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilishgan, ularda Rossiyaning Il-76 rusumli transport samolyoti Liviyaning Haftar tomonidan nazorat qilinadigan va «Vagner» tomonidan foydalaniladigan ikki bazasi o‘rtasida harakatlanishi aks etgan.

Sudandagi to‘qnashuvlar boshlanishidan ikki kun oldin samolyot kuniga ikki martadan parvoz qila boshlagan va bu kamida 19 aprelga qadar davom etgan. 13 aprel kuni samolyot «Hadim» aviabazasidan Suriyaning Rossiya aviabazasi joylashgan Lataqiya shahriga uchgan. Keyingi kuni u «Hadim»ga qaytgan, ammo bir kun o‘tib Haftarning Jufra shahridagi boshqa bir bazasiga uchib borgan. Bu baza Sudandagi mojaro boshlangan kuni u «ihotalangan joy»da edi.

18 aprel kuni samolyot Lataqiyaga qaytgan, shundan keyin yana Hadim va Jufraga parvozlar amalga oshirgan. «Sudandagi va mintaqadagi manbalarga ko‘ra, shu kuni Rossiya Sudan shimoli-g‘arbidagi ayirmachilar yetakchisiga [RSF yetakchisi Muhammad Hamdon Dagalo] „yer-havo“ tipidagi raketalarni bergan», deyiladi CNN maqolasida.

RSF’dagilar Rossiya va Liviyadan yordam olinganini rad etgan. Haftar ham, Yevgeniy Prigojin ham CNN so‘roviga javob bermagan.

«Vagner» Afrikaning boshqa mamlakatlarida

«Vagner» XHK bir necha yildan buyon Markaziy Afrika Respublikasida faoliyat yuritadi, matbuotdagi ko‘plab xabarlarga ko‘ra, uning yollanma jangchilari ushbu mamlakatda, shuningdek, qo‘shni Liviya va Malida ham olmos konlarini qo‘riqlash bilan shug‘ullanadi.

2021 yilda BBC «Vagner» jangchisi yo‘qotib qo‘ygan gadjetni o‘rganib chiqqan holda, shuningdek Liviyadagi harbiylar va tinch aholi vakillari bilan gaplashib, «Vagner» XHK ushbu mamlakatdagi fuqarolik urushida ishtirok etganini aniqlagandi.

Malidagi harbiy xunta esa jangarilarga qarshi kurashish uchun norasmiy ravishda «Vagner» XHK kuchlarini yollagan.

Human Righs Watch xalqaro tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha faollari «Vagner» yollanma jangchilarini Malida ham, Markaziy Afrika Respublikasida ham qiynoqlar va qotilliklar sodir etishda ayblagan.

Top