Jahon | 19:39 / 26.04.2023
13885
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada chegaralarni fuqarolarning o‘zi himoya qilishi taklif etildi

Bunga chegaralarni himoya qiluvchi harbiylar tanqisligi sabab bo‘lishi mumkin. 

Foto: Reuters

Rossiya Davlat Dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov chegaralarni qo‘riqlashda ko‘ngillilar ishtirok etishi shartligini aytdi. 

«Afsuski, hozir bizda Sovet Ittifoqi davridagidek imkoniyatlar yo‘q, o‘shanda butun mamlakat bo‘ylab chegara harbiy qismlar tomonidan qo‘riqlanardi. Shuning uchun hozir chegaralarni himoya qilishning biroz boshqacha usullari mavjud. Lekin mahalliy aholini ixtiyoriylik asosida jalb qilish, menimcha, bu juda real va tushunarli. Ko‘p mamlakatlar shunday qiladi», dedi deputat. 

Kartapolovning so‘zlariga ko‘ra, chegarani himoya qilishga aholini jalb qilish yoki jalb qilmaslik bo‘yicha fundamental qaror qabul qilish muhim. 

«Ya’ni, biz chegara hududlarimiz xavfsizligini xalqimizga ishonib topshiramiz. Keyin texnologiya shakllana boshlaydi: qanday qismlar, ularning soni, qanday tashkil etiladi... Qurol bo‘ladimi yoki yo‘qmi? Ular bo‘ysunadimi? Ularni kim nazorat qiladi? Ular kim bilan muloqot qiladi? Bu juda keng ko‘lamli masalalar», dedi u. 

Shu bilan birga, Kartapolov baribir ko‘ngillilarni bunga jalb qilish zarurligini ta’kidladi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid