Jahon | 22:15 / 27.04.2023
9028
3 daqiqa o‘qiladi

PACE ukrainalik bolalarning Rossiyaga deportatsiyasini genotsid deb tan oldi  

Shuningdek, Vladimir Putinni hibsga olish haqidagi Xalqaro jinoyat sudining orderini tan oldi.  

Foto: Mikhail Voskresenskiy/SNA/IMAGO

Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (PACE) Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hibsga olinishi haqidagi Xalqaro jinoyat sudining orderini rasman tan oldi. 

Bu haqda Ukraina xalq deputati Aleksiy Goncharenko xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, PACE ukrainalik bolalar va kattalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilish bo‘yicha o‘ta muhim rezolyutsiyani qabul qilgan. 

«Rezolyutsiya bo‘yicha muhim ma’lumotlar: Rossiya harakatlariga nisbatan birinchi marta «genotsid» atamasi qo‘llandi. Xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, majburiy deportatsiya — genotsid belgisi hisoblanadi. Shuning uchun barcha holatlar tekshirilishi va bunga aloqadorlar javobgarlikka tortilishi kerak», dedi Goncharenko. 

Shuningdek, Parlament assambleyasi Xalqaro jinoyat sudining Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olish haqidagi orderini olqishladi.

«Bu eng muhim qarorlardan biri. PACE a’zolarining hammasi ham Rim statutini ratifikatsiya qilgan emas. Bu rezolyutsiyaning qabul qilinishi esa Vladimir Putinni harbiy jinoyatlarda rasman gumonlanuvchi deb hisoblovchi davlatlar safini kengaytiradi. Putin – qidiruvdagi harbiy jinoyatchi. Buni PACE ham tasdiqladi», deb ta’kidladi Goncharenko. 

19 yanvar kuni Yevroparlament Rossiya oliy rahbariyati, xususan, Putin uchun ukrainaliklarga qarshi jinoyatlar va tajovuzlar sababli tribunal tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi. Qarorda, shuningdek, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va ushbu davlat rahbariyatini ham Rossiyaga ko‘mak beruvchi sifatida javobgarlikka tortish haqida so‘z boradi. 

26 yanvar kuni Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi Rossiya va Belarus oliy siyosiy va harbiy rahbariyatini Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini sodir etganligi uchun javobgarlikka tortish maqsadida maxsus tribunal tashkil etish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Tribunal o‘tkaziladigan joy Haaga bo‘lishi taklif qilindi. 

Haagada (Niderlandiya) Xalqaro sud va Xalqaro jinoyat sudi ham joylashgan. 

17 mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order berdi. 

2023 yil yozda Haagada Rossiyaning bosqinchilik jinoyatlarini ta’qib qilish xalqaro markazi ish boshlashi kutilmoqda. 

Mavzuga oid