Jahon | 09:01 / 29.04.2023
6338
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan eronlikka chiqarilgan o‘lim jazosini qoraladi

Eron Oliy sudi terrorizmda ayblangan Jamshid Sharmahdga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosini o‘z kuchida qoldirdi. Yevropa Ittifoqi diplomati Jozep Borrel Tehronga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini eslatdi.

Jamshid Sharmahd / Foto: Koosha Falahi/Mizan/dpa/picture alliance

Yevropa Ittifoqi 28-aprel, juma kuni Eron Oliy sudining Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan Islom Respublikasi fuqarosi Jamshid Sharmahdga nisbatan o‘lim hukmini o‘z kuchida qoldirgan qarorini keskin qoraladi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Tehronni hukmni ijro etishdan tiyilishga va mahkumning kechiktirmasdan asosiy huquqlardan foydalanishini ta’minlashga chaqirdi.

Erkak 2020 yildan beri hibsda va shu vaqt ichida o‘zi tanlagan advokatdan foydalana olmagan, deya bildirdi Yevropa Ittifoqi. Bundan tashqari, Eron hukumati uning Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lishiga qaramay, Sharmahdning yoniga konsullik xodimlari kirishiga ruxsat bermadi, deb ta’kidladi Bryussel.

O‘lim jazosi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan ajralmas yashash huquqini buzadi va shafqatsiz, g‘ayriinsoniy jazo hisoblanadi, dedi Borrel. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Tehronni o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha izchil siyosat olib borishga va o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, 1963 yildagi Konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid