Jahon | 17:17 / 29.04.2023
7546
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kiyevga yana qurol yetkazib berishga chaqirdi

Ukraina armiyasining Rossiya raketa hujumlariga qarshi samarali kurashi qurollarning, jumladan, Ukrainaga yetkazib beriladigan qurollarning muhim rolidan dalolat beradi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida. 

Foto: Carlos Barria/REUTERS

28 aprel kuni bir sutka davomida Ukraina harbiy-havo kuchlari Rossiyaning 23 ta raketasidan 21 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi, dedi u. 

"Bu yana bir bor terrorni to‘xtatish va odamlarni faqat qurol bilan qutqarish mumkinligini isbotlaydi. Havo hujumidan mudofaa, zamonaviy aviatsiya, ularsiz havo hujumidan to‘liq samarali mudofaa yo‘q. Artilleriya, zirhli texnikalar. Shaharlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hamma narsa. Bu, afsuski, hali ham bosib olingan hududda qolayotgan xalqimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida kerakdir", – dedi davlat rahbari.

Rossiyalik harbiylar 28 aprelga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab navbatdagi raketa zarbalari seriyasini amalga oshirdi. Dnipropetrovsk, Cherkass va Kiyev oblastlari, jumladan Kiyev shahriga zarbalar yo‘llangan. "Ukrenergo" xabar qilishicha, zarbalar energetika obektlariga kelmagan va elektr energiyasi iste’molida cheklovlar kiritilmaydi. 

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning ma’lum qilishicha, Rossiya jami 23 ta qanotli raketa uchirgan, shundan 21 tasi urib tushirilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Kaspiy dengizi akvatoriyasidan turib Tu-95 rusumli bombardimonchilar orqali yo‘llangan.

Bunday yoppasiga hujum so‘nggi bor 9 mart kuni kuzatilgandi. O‘tgan oy boshida Ukraina shaharlari Bryansk oblastidagi diversiyaga javoban o‘qqa tutilgandi. O‘shanda Zalujniy rossiyalik harbiylar quruqlik, dengiz va havodan jami 81 raketa uchirgani haqida ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid