Jahon | 15:28 / 30.04.2023
18890
8 daqiqa o‘qiladi

Sevastopoldagi yirik yong‘in va Avdiyivkadagi jangchilar. Urush suratlari

Ukrainada urushning 430-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar

  • Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumani vaqtida skandinaviyalik jurnalistlarga urush yillab va hatto o‘n yillab davom etishi mumkinligini istisno etmadi. U Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berilishi ularning ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish AQShning ruxsati kerakligi, ammo bu mamlakat Ukrainaga bunday samolyotlar yetkazib berishni ma’qullamaganini aytdi.
  • Sevastopol portiga dronlar hujumi tufayli neft bazada yong‘in chiqdi.
  • RF mudofaa vazirligi elektron chaqiruv qog‘ozlari bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi. U avgust oyidan kuchga kirishi kutilmoqda.
  • Polsha Varshavadagi maktab binosini RF elchixonasidan olib qo‘ydi.
  • Uman shahrida raketa zarbasidan keyin olib borilgan qutqaruv ishlari yakunlandi. Jami 23 kishi halok bo‘lgan, shundan olti nafari bolalar.

Kun kadri. Sevastopol neft bazasidagi yong‘in

29 aprelga o‘tar kechasi Sevastopolda dronlar zarbasi oqibatida neft baza yonib ketdi. Rossiya tomonidan anneksiya qilingan shahar gubernatori Mixaylo Razvojayevning ma’lum qilishicha, «Kazachya Buxta mikrorayonidagi Aka-uka Manganarilar ko‘chasidagi yonilg‘i rezervuarlarini qamrab olgan, yong‘in maydoni uch ming kvadrat metrga yaqin bo‘lgan». Razvojayevning ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Ukraina razvedkasi vakiliga ko‘ra, yong‘in oqibatida neft bazada neft mahsulotlari saqlangan 10 dan ortiq rezervuar yo‘q qilingan, bu mahsulotlar RF Qora dengiz floti uchun mo‘ljallangan edi.
Reuters / Scanpix / LETA

Umandagi uyga zarba oqibatlari

Cherkass oblastining Uman shahrida, 28 aprelga o‘tar kechasi Rossiya armiyasining raketa zarbasiga uchragan ko‘p qavatli uy hududida qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi. Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida 9 qavatli uyning 109 kishi yashagan pod’yezdida kvartiralarning yarmi to‘liq vayron bo‘lgan, 23 kishi halok bo‘lgan, jumladan olti nafar bola — ularning uch nafari o‘g‘il bolalar (bir yarim, 16 va 17 yoshlarda) va uch nafari qiz bolalar (8, 11 va 14 yoshlarda). Shuningdek xarobalar ostidan 17 kishini qutqarib olishga muvaffaq bo‘lingan. Yana ikki ayol bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 

Umandagi turar joyning vayron bo‘lgan qismi politsiyachilar tomonidan o‘rab olingan
Roman Pilipey / Getty Images
RF QK raketa zarbasi oqibatida oynalari sinib ketgan kvartiralardan biri
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Umanda yashovchi ayol farzandi bilan raketa zarbasidan vayron bo‘lgan uy yonidagi yodgorlikka gul olib kelmoqda
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Mahalliy aholi vakillaridan yana biri 23 kishi halok bo‘lgan joyda gul qo‘ymoqda
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA
Umandagi fojia joyiga nafaqat gullar, balki qurbon bo‘lgan bolalar xotirasi uchun o‘yinchoqlar ham keltirilmoqda
Carlos Barria / Reuters / Scanpix / LETA

Avdiyivka yaqinidagi ukrain harbiylari

Donetsk oblastining Avdiyivka shahri urushda so‘nggi oylardagi eng qaynoq nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolayotgan shaharni egallash uchun yurishni davom ettirmoqda. Ukraina QK bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, RF QK Avdiyivkaga 29 aprel kuni ham hujum uyushtirgan, ammo bu urinish muvaffaqiyat keltirmagan. RF mudofaa vazirligi ma’lumotlarida bu shahar uchun janglar oxirgi bor 27 aprel kuni tilga olingandi: o‘shanda vazirlik «Xerson oblastining Cherkess, Donetsk xalq respublikasining Avdiyivka va Serebryanka aholi yashash manzillarida Ukrainaning «Janub» maxsus amaliyotlar kuchlari bo‘linmalari, Ukraina QKning 110-mexanizatsiyalashgan va 58-motopiyodalar brigadalari qo‘mondonlik-kuzatuv punktlari nishonga olingani» haqida ma’lum qilgandi. 

Ukraina QK harbiysi tankka qarshi granatomyotdan (RPG) RF qurolli kuchlarining Avdiyivka atrofidagi pozitsiyalariga o‘t ochmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Avdiyivkadagi ukrain harbiysi shahar uchun janglar oralig‘idagi tanaffus vaqtida
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy xizmatchi Avdiyivka atrofidagi front chizig‘ida maxsus miltiq orqali rossiyaliklar dronini o‘qqa tutmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Donetsk oblasti o‘qqa tutilishi oqibatlari

So‘nggi kunlarda Rossiya tomonidan yo‘llangan raketa zarbalaridan Ukrainaning turli regionlaridagi boshqa ko‘plab aholi yashash manzillari ham jabrlanmoqda. Bunday hududlardan biri Donetsk oblastidagi shahar tipidagi Malotaranovka posyolkasi bo‘ldi. Bu posyolka nomi urushayotgan tomonlarning svodkasida so‘nggi bor 2022 yil yozida ko‘rinish bergandi, o‘shanda RF mudofaa vazirligi posyolkada HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi va uning uchun snaryadlar yo‘q qilingani haqida xabar bergandi. Ammo Ukraina tomoni bunga javoban bu vaqtda Malotaranovkada amerikaliklar tizimi bo‘lmaganini bildirgandi. RF qurolli kuchlarining 2023 yil aprel oyi oxiridagi navbatdagi zarbasi posyolkadagi bir qancha turar joylarni vayron qildi.

Malotaranovkada yashovchilar Rossiya raketa zarbasidan vayron bo‘lgan xususiy uy ichidan yaroqli buyumlarni olib chiqmoqda
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Malotaranovkada yashovchi 56 yoshli Tatyana Makoxon dugonasining RF QK droni zarbasi berilgan uyi ichida
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA

Raketa zarbalaridan frontning boshqa tomonidagi aholi yashash manzillari ham jabr ko‘rmoqda. Xususan, anneksiya qilingan «DXR» rahbari Denis Pushilin ma’lum qilishicha, ukrain harbiylari Donetsk shahrining markaziy rayonlarini o‘qqa tutgan. Shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan meri Aleksey Kulemzinga ko‘ra, snaryadlardan biri yo‘nalishdagi avtobusga kelib urilgan, u to‘liq yonib ketgan, natijada yetti kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan. Pushilinning aytishicha, yana to‘qqiz kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Ukraina QK bu zarbalar yuzasidan rasman izoh bermadi. Ukrain nashrlari ilgari surgan versiyaga ko‘ra, rossiyaliklar Uman va Ukrainaning boshqa shaharlariga hujumlardan e’tiborni chalg‘itish uchun o‘z nazoratidagi shaharni o‘zlari o‘qqa tutishgan. 

Donetskda yashovchilar raketa zarbasidan vayron bo‘lgan uy fonida
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Donetskda yashovchi ayol zarbadan vayron bo‘lgan uy fonida raketa zarbasi haqida ma’lumot yig‘ayotgan tergovchi bilan gaplashmoqda
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid