Jahon | 21:15 / 01.05.2023
7827
1 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Eron elchixonasi qayta ochildi 

Diplomatik munosabatlar 2016 yilda buzilgan edi. 

Foto: Ahmet Bolat/Anadolu Agency/Getty Images

Eron Saudiya Arabistonidagi o‘z elchixonasi faoliyatini tikladi. Bu haqda Interfax xabar berdi. 

Tehron Ar-Riyodda muvaqqat ishlar vakili darajasida faoliyat olib boradi, chunki Eron hali Saudiya Arabistoniga elchi tayinlamagan. 

Avvalroq Tehron ham Saudiya Arabistonining Erondagi elchixonasi ishini 9 maygacha qayta boshlashini kutayotgani xabar qilingandi. 

Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar 2016 yilda sezilarli darajada yomonlashdi. Bunga Saudiya monarxiyasini tanqid qilgan nufuzli shia ilohiyotchisining Ar-Riyodda qatl etilishi sabab bo‘lgan. 

Shundan so‘ng Tehronda namoyishchilar Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujum qilishdi, bunga javoban Ar-Riyod Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzgan edi. 

2023 yil mart oyida Xitoy vositachiligida Eron va Saudiya Arabistoni diplomatik munosabatlarni tiklashga kelishib oldi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid