Jahon | 13:45 / 02.05.2023
31707
4 daqiqa o‘qiladi

Manba: Putin Baxmut egallansa, urushni to‘xtatishi mumkin

Rossiya Baxmutni Ukrainaning qarshi hujumi boshlanguniga qadar egallashni maqsad qilgan.

Foto: GettyImages

Moskva Baxmutni bosib olish uchun navbatdagi dedlaynni belgilagan - 9 may. Shundan keyin, versiyalardan biriga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin «maxsus harbiy amaliyotning barcha maqsadlariga erishilgani», «ukrain armiyasi mag‘lub etilgani»ni aytib, «g‘alaba ohangida» urush yakunlangani haqida e’lon qilishi mumkin. Bu haqda RBK-Ukraina nashrida e’lon qilingna «Urushning uch ssenariysi. Ukrainaning hujumi nima uchun burilish nuqtasiga aylanishi mumkin?» sarlavhali materialida aytilgan.

Nashr suhbatdoshlarining tan olishicha, bunda ma’lum darajada mantiq bor. Gap shundaki, rossiyaliklar Baxmutni egallaganidan keyin yurish qilishda davom eta olishi fakt emas. O‘tgan yil yozida Severodonetsk aglomeratsiyasi uchun mashaqqatli janglardan keyin rossiyaliklar bir necha oy davomida harakatdan to‘xtab qolgandi. Kuzda Ukrainaning qarshi hujumi boshlangach esa Rossiya faqat bosib olingan hududlarini boy bera boshladi. Ya’ni Moskva tomonidan «urushning tugashi» ular egallagan hududlarida mustahkam joylashib olishga urinish bo‘ladi.

Agar Rossiya Ukraina qurolli kuchlarining hujumiga qadar urush yakunlangani haqida e’lon qilsa, jahon yetakchilari Kiyevni harbiy amaliyot o‘rniga muzokaralarni boshlashga ko‘ndira boshlashi mumkin. Qolaversa, hozirning o‘zida Ukraina yon berishi evaziga tinchlik o‘rnatilishini xohlovchi siyosatchilar soni ortib bormoqda.

Agar Kreml urushni yakunlash va muzokaralar boshlash istagini bildirsa, tinchlikparvarlar doirasi faqat kengayadi. Aynan shuning uchun Ukrainaning vazifasi - Baxmut mudofaasini tutib turish va o‘z qarshi hujumi boshlanguniga qadar Moskva qandaydir «g‘alaba»ga erishishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlash hisoblanadi.

Ukraina quruqlik kuchlari qo‘mondoni general-polkovnik Oleksandr Sirskiy dushman Baxmut yo‘nalishiga «Vagner»ning yangi shturm guruhlarini, boshqa xususiy kompaniyalar jangchilarini, desantchilarni tashlamoqda.

Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiyning xabar qilishicha, Baxmut yo‘nalishida 25 mingdan ortiq rossiyalik jang qilmoqda.

Ammo ular Baxmutni egallashga muvaffaq bo‘lmadi, Ukraina qurolli kuchlari esa ayrim uchastkalarda muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirmoqda.

Milliy gvardiya spikeri Ruslan Muzichuk Ukraina sharqida frontning ayrim uchastkalarida janglar minimal masofada kechayotganini aytgan. Gap 100 metr, ayrim holatlarda 50 metr masofa haqida ketmoqda.  

2 may kuni ham Oleksandr Sirskiy ukrain harbiylarining Baxmut atrofidagi pozitsiyalariga tashrif buyurgan.

«Biz komandirlar bilan birgalikda samarali mudofaani ta’minlash va dushmanga maksimal darajada yo‘qotishlar yetkazishga qaratilgan bir qator zarur qarorlarni qabul qildik», — deya qayd etgan u.

U Ukraina mudofaa amaliyotini bajarish va mamlakat sharqida RF qurolli kuchlarini to‘xtatib turishda davom etib, bu orqali zaxira kuchlar tayyorgarlik ko‘rishi uchun vaqtdan yutib berayotganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid