Jahon | 12:21 / 03.05.2023
5003
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada yilning eng yirik harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

Anakonda 23 manyovrlarida Polsha Qurolli kuchlarining 12 ming askari hamda NATO mamlakatlari va Shimoliy Atlantika ittifoqining ittifoqdosh davlatlaridan yuzlab harbiy xizmatchilar ishtirok etadi. Ularning maqsadi NATOning sharqiy qanoti mudofaasini ishlab chiqish.

Foto: Twitter / NEXTA

Anakonda 23 - Polshada joriy yilning eng yirik harbiy mashg‘ulotlari 2 may, seshanba kuni boshlandi. Polshaning TVN24 telekanali o‘z veb-saytida 12 ming polshalik harbiy xizmatchi, shuningdek, NATOga a’zo boshqa davlatlar va Shimoliy Atlantika alyansi hamkorlaridan, jumladan, Ruminiya, Sloveniya, Shvetsiya, Fransiya, Latviya, Litva, Estoniya va boshqa davlatlardan bir necha yuz askar borligini xabar qildi. Ittifoqchilarning Boltiq dengizi hududidagi operatsiyalariga alohida e’tibor berilishi kutilmoqda.

Mashqlar nafaqat Polshada, balki Shvetsiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlarida ham o‘tkaziladi. O‘tgan haftadayoq Polsha Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ijtimoiy tarmoqlarda M1 Abrams tanklari va boshqa harbiy texnikalar yetkazib berilishi munosabati bilan mamlakatning shimoliy, markaziy va sharqiy qismlarida ko‘chalar vaqtincha to‘sib qo‘yilishi mumkinligi haqida ogohlantirish e’lon qilgan edi. Xavfsizlik choralari sababli aniqroq ma’lumotlar keltirilmagan.

Qayd etilishicha, Anakonda mashg‘ulotlariga tayyorgarlik 2021 yilda boshlangan, biroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi NATO bo‘yicha hamkorlarga yangi qiyinchiliklarni keltirib chiqardi va ularni manyovrlar konsepsiyasini o‘zgartirishga majbur qildi. Anakonda 23 manyovrlari 26 may kuni tugaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid