O‘zbekiston | 16:03 / 03.05.2023
17065
12 daqiqa o‘qiladi

Qo‘lansa hid, aldanib qolgan odamlar: Marg‘ilondagi mojaroli “dom”dan reportaj

Marg‘ilon shahrida qurib foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uy o‘z egalari xonadonlarga ko‘chib kirgunlariga qadar markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulangani aytilgan. “Dom”yaqinida qazilgan chuqurga yo‘naltirilgan tarmoq bugunga kelib deyarli to‘lgan. Aholi qo‘lansa hiddan aziyat chekyapti. Uy olishda adashgan aholi dardini kimga aytishni bilmayapti.  

Tahririyatimizga Marg‘ilon shahar Yangi Marg‘ilon shaharchasi “Navro‘z” MFYda yangi qurilgan ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolar nomidan murojaat kelib tushdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “O‘zsanoatqurilishbank”ATB Farg‘ona mintaqaviy filiali hamda “Klyon Klipper Stroy” MChJ bilan ko‘p qavatli uy qurish bo‘yicha shartnoma imzolangan. MChJ bankka kredit to‘lovini o‘z vaqtida qaytarmagandan so‘ng “Qo‘chqor ota oilasi” MChJ tomonidan ko‘p qavatli uy qurib bitkazilib foydalanishga topshirilgan. Sotilishidan avval yangi xonadonlar markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulangani, “dom” uchun alohida transformator tortilgani aytilgan. Ko‘chib kelgan aholi birin-ketin muammolar girdobiga tushishgan. Quruvchi tashkilot uyning shundoq yoniga chuqur qazib kanalizatsiya suvini “yama”ga to‘g‘rilab qo‘ygan. 60 ta xonadonning yarmiga yosh oilalar ko‘chib kelgan. Achinarlisi, kunlar isib, to‘lay deb qolgan chuqurdan badbo‘y xid atrofga anqiyapti.

Hududdan markaziy kanalizatsiya tarmog‘i o‘tgan. Biroq ko‘p qavatli uy mazkur tarmoqdan pastlikda joylashib qolgani sabab unga ulanishning imkoni yo‘q.

Aholi mazkur masalada yordam so‘rab ko‘plab mas’ullarga murojaat qilgan. Lekin natija bo‘lmagan. Avvaliga muammoni hal qilib berishga va’da bergan quruvchi keyinchalik o‘z qurilish firmasini xitoylik tadbirkorga sotib yuborganini aytib, telefon go‘shagini ko‘tarmay qo‘ygan.

Ko‘p qavatli uydan ikki xonadon sotib olgan Hotamjon Musinov badbo‘y hidga chiday olmay, oilasi boshqa joyga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganini aytadi.

Hotamjon Musinov, mahalla faoli

“O‘tgan yilning okyatbr oyida o‘g‘limga shu “dom”dan uy olib berdim. Uyni sotib olishda muammo yo‘qdek ko‘rindi. Qish faslida nevaralar bilan uyga ko‘chib keldik. Keyin bilsak, ikki ko‘p qavatli uyning kanalizatsiya tarmog‘i shaharning markaziy yo‘nalishiga emas, balki uyimizning yaqiniga qazilgan “yama”ga to‘g‘rilangan ekan.

Hozirda chuqurlik to‘lay deb qolgan. Achinarlisi, uyimizgacha hidi chiqib turibdi. Badbo‘y hidga chiday olmay 9 nevaram bilan ko‘chib ketdik. Quruvchiga holat bo‘yicha tushuntirish berishini talab qilsak, chuqur vaqtincha ekani, tarmoqni markaziy kanalizatsiya yo‘liga ulab berishini va’da qildi. Lekin o‘zi qochib yuribdi. Telefonini ham ko‘tarmay qo‘ygan. Masala yuzasidan viloyat hokimi, shahar prokuroriga murojaat qildik, afsuski, natija bo‘lmadi.

Yana bir muammo: qishda elektr ta’minoti uzilishidan aziyat chekdik. Keyin bilsak, quruvchi dom uchun alohida tarmoq tortmay qo‘shni mahalla stolbasiga vaqtincha ulab qo‘ygan ekan.

Janjallar bilan domga alohida tarmoq tortildi. Lekin u ham texnika xavfsizligiga to‘g‘ri kelmaydi. Kabellar yer va devorlarda osilib turibdi”, – deydi u.

Yana bir fuqaro Ayubxon Akbarov uy sotib olishda aldanib qolganini ta’kidladi:

 “Uyni sotib olmasdan avval kanalizatsiya bilan bog‘liq muammo borligini bilmagan edik. Yashab turgan uyimizdan 5 metr nariroqda “yama” qazilgan ekan. Chuqurning atrofi ochiq, hidlar atrofni tutib ketyapti. Bu Marg‘ilon shahri uchun juda uyatli holat. Ko‘p qavatli uyning markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagani bo‘yicha tegishli idoralarga chiqdik. Lekin hamma jim. Quruvchini topib bo‘lmayapti”. 

Ayubxon Akbarov

Surishtiruv davomida kanalizitsiya muammosidan tashqari yana bir qancha qiziq holatlarga duch keldik. Yurtidagi notinchlik sabab Farg‘onaga oilasi bilan ko‘chib kelgan Afg‘oniston fuqarosi Ehsos Muhammad Rafi mazkur ko‘p qavatli uyni qurgan “Klyon Klipper Stroy”MChJ rahbari Rustam Karimovga uyning boshlang‘ich summasi, ya’ni 20 ming dollar to‘lab uyga ko‘chib o‘tadi. MChJ esa bank ajratgan kredit summasini to‘lay olmay ko‘p qavatli uyni “Qo‘chqor ota oilasi” MChJga topshirishga majbur bo‘ladi. Oqibatda esa afg‘onistonlik oila 8 nafar oila a’zosi bilan pullari ham qaytarilmay ko‘chaga quviladi.

Ehsos Muhammad Rafi

“2018 yilning boshida Afg‘onistonning Balx viloyati Mozori Sharif shahridan notinchliklardan qochib, Farg‘onaga ko‘chib kelgan edik. Boshpana qidirib shu ko‘p qavatli uyga kelib qoldik. Quruvchini topib, 2 va 3 xona uyni 30 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishdik. Quruvchiga bir yarim yil ichida 20 ming dollar berdik. Pul berganligimiz haqida tilxat va guvohlar ham bor.

Bu orada quruvchi bankrot bo‘lib, bank boshqa bir tadbirkorga domni sotib yuborgan. Uyning yangi egasi esa bizni uydan quvib chiqardi. 8 kishi qishning sovuq kunida ko‘chada qoldik. Uydan chiqarishdan avval svet, suvdan uzib qo‘yishdi. Hozirda boshqa manzilda ijarada yashayapmiz. Pulimizni ham ololmayapmiz. 20 mingni to‘plaguncha ming mashaqqat chekkan edik. Urushdan qochib, tinch O‘zbekiston diyorida xotirjam yashash uchun ko‘chib kelgan edik. Lekin tuganmas muammoga duch keldik. Bizni aldab qo‘yishdi. Biz bunday bo‘lishini kutmagandik. O‘zbekiston fuqaroligini ham berishmayapti. Quruvchi sudga bermanglar, pullaringni qaytaraman, deydi. Lekin qaytarmayapti. O‘zga yurt fuqarosi bo‘lganimiz uchun bu yerning qonunlarini yaxshi bilmaymiz. Bizga yordam beradigan odam topilmayapti. Puldan ham, uydan ham ayrildik”, – deydi Ehsos Muhammad Rafi.

II guruh nogironi Xayrullo Shamsuddunovko‘p qavatli uyning qurilishida oshpaz bo‘lib ishlagan va unga oyiga 5 million so‘m maosh belgilangan. U ham ishlagan haqini ololmay sarson.

 “2021 yil dekabr oyida Sanoatqurilishbankdan “Qo‘chqor ota oilasi” MChJ rahbari Jahongir Zokirov mana shu ko‘p qavatli uyni sotib olgan. Men o‘shanda oshpaz, ish boshqaruvchi bo‘lib ishga olindim.

Meni ishlatishib, bir tiyin berishmadi. Ishlagan haqimni bera olmay, uning o‘rniga uy beraman, deb va’da qilgan edi quruvchi. Endi shu va’dasi ustidan ham chiqmadi. Ikki o‘g‘lim bor. Meni bu uydan chiqarvorsa boradigan joyim yo‘q. Uyni rasmiylashtirib bermayapti. Prokuratura va IIBga murojaat qildim. Natija doimgidek yo‘q”, – deydi u.

Xayrullo Shamsuddunov

Mastura To‘raxo‘jayevaning ta’kidlashicha, u va turmush o‘rtog‘i 8 ming dollarga xonadonlardan birini sotib olgan. Boshlang‘ich to‘lov amalga oshirganiga qaramay quruvchi hali ham uyni fuqaroning nomiga rasmiylashtirmay yana qo‘shimcha pul talab qilmoqda ekan.

Mastura To‘raxo‘jayeva

Kanalizatsiya muammosi bilan bog‘liq holat bo‘yicha Marg‘ilon shahar suv ta’minoti bo‘limi muhandisi Doston Soyipovdan izoh oldik.

 “2018 yilda qurilish bo‘layotgan hududga eng yaqin oqova suv tarmog‘ini aniqlab berish bo‘yicha bo‘limimizga murojaat tushgan. Shunda o‘zimizga tegishli magistral oqova suv tarmog‘ini ko‘rsatib berganmiz. “Ukloni” chiqmaganligi sabab “dom” yoniga chuqur qazilgan. Masalani yechish uchun bir yarim kilometr qo‘shimcha tarmoq tortish kerak va bu tarmoq aholi xonadonlaridan o‘tishi kerak. Bunga esa xonadon egalari ruxsat berishmayapti. Shu sababli ham muammoli holat yuzaga kelgan. Biz qurilish boshlanmasidan avval “dom” atrofida oqova suv tarmog‘i mavjud emasligi haqida ogohlantirganmiz. Muammoni bartaraf qilish uchun yuqori tashkilotlarga murojaat qilamiz”, – deydi Doston Soyipov.

Doston Soyipov

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Farg‘ona mintaqaviy filiali yuristi Uchqun Sharofutdinovning ma’lum qilishicha, kredit to‘loviqaytarilishida quruvchi bilan ziddiyatli holatlar yuz bergan.

 “O‘zsanoatqurilishbank”ATB Farg‘ona mintaqaviy filiali va bank mijozi “Klyon Klipper Stroy” MChJ o‘rtasida 2015 yilda 8 mlrd 460 mln so‘mga kredit shartnomasi imzolangan edi. Shartnomaga asosan hududda 60 ta xonadon qurish uchun 6 mlrd 300 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan. “Klyon Klipper Stroy” MChJ qurilish ishlarini olib borgan, lekin kredit to‘lovini qaytarish jadvaliga asosan o‘z vaqtida to‘lamadi. 2020 yil noyabr oyida kredit to‘lovini undirish va undiruvni garovga olingan mulkka qaratishni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudiga murojaat qilganmiz. Sudning 2021 yil yanvardagi hal qiluvchi qaroriga asosan “Klyon Klipper Stroy” MChJ6 mlrd 377 mln so‘m kredit summasini undirish belgilandi. Quruvchi summani qaytarmagandan so‘ng xonadonlarni auksionga qo‘yishga majbur bo‘ldik. 2021 yil dekabr oyida “Qo‘chqor ota oilasi” MChJga ko‘pqavatli uyni sotdik. MChJ fuqarolarga ipoteka krediti shartnomasi asosida bu joylarni sotgan”, – deydi u.

Uchqun Sharofutdinov

Marg‘ilon shahar hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Sardor Abdurahimov mavjud muammo quruvchi bilan birgalikda tez orada bartaraf qilinishiga va’da berdi.

“Uylar xususiy tartibda qurilgan. Quruvchi ham pudratchining o‘zi. Quruvchi oldi-sotdini qilib turaveringlar, keyinroq o‘zimiz kanalizatsiya muammosini yechib beramiz deb va’da berishgan. Hattoki uy sotib olishdan avval domda kanalizatsiya markaziy tarmoqqa ulanmaganligidan bexabar odamlar ham ko‘p bo‘lgan.

Kanalizatsiya hidi anqiyotgani bo‘yicha fuqarolar avval ham hokimiyatga chiqishdi. Shundan so‘ng quruvchi bilan bog‘lanib, eng avvalo muammoni hal qilish lozimligi, kanalizatsiya masalasini hal qilmay turib qolgan uylarni fuqarolarga sotish mumkin emasligi haqida ogohlantirganmiz. 

Masala yechimi esa ikki dom uchun tadbirkor hisobidan alohida kanalizatsiya stansiyasi qurish yoki bir km uzoqlikdagi quvurga tarmoqni ulash kerak. Buning uchun esa tarmoq domning orqa tomonidagi yashash xonadonlaridan biridan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Biz xonadon egalarini rozi qilish yo‘lini qidirib ko‘ramiz.Quruvchi bilan telefon orqali suhbatlashdim. Xonadonlardan birini sotib mablag‘ni kanalizatsiya masalasini yechishga sarflayman deb va’da berdi”, – deydi u.

Surishtiruv jarayonida “Qo‘chqor ota oilasi” MChJ rahbari Jahongir Zokirov bilan bog‘lanishga harakat qildik. Lekin u telefonni ko‘tarmadi.

Kun.uzholatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyoyev,

Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid