Ko‘chmas mulk | 22:00
6255
6 daqiqa o‘qiladi

Nega SSSR paytida ko‘p qavatli uylar asosan 5 yoki 9 qavatli qilib qurilgan?

Sovet davrida qurilgan ko‘p qavatli uylarga e’tibor bersangiz, g‘alati bir qonuniyatni ko‘rasiz: aksariyat binolar yo 4-5 qavatli, yoki 9 qavatli qilib qurilgan. Shaharlarda 6 yoki 8 qavatli uylarni uchratish deyarli imkonsiz. Bu faqat O‘zbekistonda emas, balki possovet mamlakatlarining aksariyatida keng tarqalgan holat. Nega sovet me’morlari shu raqamlarga yopishib olgan? Bu tasodifmi yoki qat’iy iqtisodiy hisob-kitoblar bilan bog‘liqmi?  

Hashamatdan oddiylikka o‘tish

5 va 9 qavatli uylar qurilishining ommaviylashishi o‘tgan asrning 50 yillariga borib taqaladi. Bu davrga kelib mamlakatda misli ko‘rilmagan uy-joy tanqisligi yuz beradi. Sanoatlashuv fonida shaharlarga aholining yopirilib kelishi natijasida millionlab odamlar yerto‘lalar va zich kommunal kvartiralarda yashashga majbur bo‘la boshlaydi. Bunga qadar me’morchilikda asosan «Stalin ampiri» deb nomlangan uslub hukmron edi. «Stalinka»lar g‘ishtdan qurilar, shiftlari baland va xonalari keng bo‘lib, bunday uylarni qurish juda sekin va o‘ta qimmat bo‘lgan. Nikita Xrushchyov hokimiyatga kelgach, u qimmatbaho va hashamatli arxitekturadan voz kechib, maksimal darajada arzonlashtirilgan, tez bitadigan panel uylar qurilishini boshlab beradi.

Avvalo, shuni alohida ta’kidlash lozimki, kapitalistik davlatlardan farqli o‘laroq, SSSRda yerning bozor narxi yo‘q edi. Shu sababli quruvchilarda qimmatbaho joydan olingan yerni oqlash uchun osmono‘par binolar qurishga iqtisodiy rag‘bat ham bo‘lmagan. Natijada shaharlar tepaga emas, balki eniga — 4 va 5 qavatli massivlar shaklida kengaya boshlaydi.

Nega aynan besh qavat?

Sovet davlatida amal qilgan qurilish me’yorlariga ko‘ra, bino balandligi ma’lum bir nuqtadan oshsa, unda majburiy ravishda lift o‘rnatilishi kerak edi. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, sog‘lom inson uchun har kuni bir necha bor beshinchi qavatga ko‘tarilish og‘irlik qilmaydi, ammo oltinchi qavatga tushib-chiqish jismoniy zo‘riqishga olib keladi. Shu sababli lift o‘rnatish shart bo‘lmagan maksimal balandlik — 5 qavat etib belgilandi. Agar bino 6 qavatli qilib qurilsa, unga qimmatbaho lift uskunasi o‘rnatish, lift shaxtasi uchun joy ajratish va uni texnik nazorat qilishga qo‘shimcha xarajat talab etilardi. Butun Ittifoq bo‘ylab o‘n minglab uylarni liftlar bilan ta’minlash imkonsiz bo‘lgan. Iqtisodchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, 6 qavatli uyning kvadrat metr narxi 5 qavatli uyga qaraganda ancha qimmatga tusha boshlaydi. Shu sababli SSSR shaharlarida 4 yoki 5 qavatli uylar ommaviy ravishda quriladi.

Nima uchun 9 qavat?

1970 yillarga kelib, shaharlar kengaya boshlaydi va endi yer tanqisligi muammosi ham paydo bo‘ladi. Natijada uylarni 5 qavat qilib qurish yetarli bo‘lmay qoldi. Agar lift o‘rnatish uchun katta xarajat talab qilinayotgan bo‘lsa, bu xarajatni iloji boricha ko‘proq xonadonlarga «bo‘lib yuborish» bilan hal qilish mumkin-ku, to‘g‘rimi? Shu jihatdan bino balandligini to boshqa bir xavfsizlik chegarasiga qadar oshirish boshlanadi. Shahar aholisining zichligi ortishi fonida «brejnevka» deb nomlangan yangi 9 qavatli turar joylar qurilishi boshlanadi.

Sovet qurilish standartlariga ko‘ra, agar binoning balandligi 10 qavat va undan yuqori bo‘lsa, majburiy tartibda kamida ikkita lift: biri yo‘lovchilar uchun, ikkinchisi esa mebel yoki tibbiyot zambillari uchun mo‘ljallangan yuk lifti o‘rnatilishi shart edi. Bu yana tepadagi mantiqqa borib taqalardi: shunchaki bitta o‘ninchi qavatni qo‘shish uchun ikkinchi katta yuk liftini sotib olish va unga shaxta qurish — moliyaviy jihatdan samarasiz deya baholangan. Shunday qilib, 9 qavat SSSR arxitekturasida mutlaq «oltin standart»ga aylanadi.

Liftdan tashqari, 10 va undan tepa qavatlar uchun boshqa standartlar ham bor edi. O‘sha paytda SSSRda o‘t o‘chirish mashinalarining mexanik narvonlari maksimal 28 metrga yetardi. Agar poydevor balandligi va birinchi qavat sathini hisobga olsak, bu aynan 9-qavatning derazasigacha yetadigan masofa hisoblanadi. Agar bino 10 qavatli bo‘lsa, bu yerda albatta tutun kirmaydigan yong‘in zinapoyalari ham bo‘lishi shart bo‘lgan.

O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkentda, 5 qavatli uylarga nisbatan 4 qavatli uylar ko‘proq. Buning sababi – seysmik xavfsizlik bilan bog‘liq. 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng, qurilish normalari yanada qat’iylashadi. Ayrim hududlarda 5 qavat o‘rniga 4 qavatli uylar qurish xavfsizroq deb hisoblangan. Bu uylar zilzila bardoshliligi bo‘yicha sinchiklab tekshirilgan va mustahkamlangan konstruksiyaga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalar va texnik imkoniyatlarning karrasiga yaxshilangani hisobiga O‘zbekistondagi yangi turar joy majmualarining balandligi 16, 20 qavat va hatto 50 qavatdan ham oshib ketdi. Biroq o‘sha eski 4, 5 va 9 qavatli uylar hali ham shaharlarning asosiy «skeleti» bo‘lib qolyapti.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid