Jahon | 11:53 / 03.05.2023
6580
2 daqiqa o‘qiladi

YeIning beshta davlati Ukrainadan to‘rtta mahsulot importini taqiqladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning to‘rtta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Ukrainaga qo‘shni mamlakatlarga olib kirishga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi. Bunday holda, tranzit davom etishi mumkin. Bolgariya, Vengriya, Polsha va Slovakiya Ukrainadan mahsulot olib kirishga qo‘yilgan taqiqlarni bekor qiladi.

Foto: Anadolu agency

Yevrokomissiya Ukrainadan to‘rtta qishloq xo‘jaligi mahsuloti – bug‘doy, makkajo‘xori, raps va kungaboqar urug‘larini Yevropa Ittifoqining beshta davlati – Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Slovakiyaga import qilish bo‘yicha favqulodda vaqtinchalik choralar ko‘rdi. Ushbu mahsulotlarni import qilish 2023 yil 2 may, seshanbadan 5 iyungacha taqiqlangan. Bu davlatlar orqali Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlariga yoki Yevropa Ittifoqidan tashqarida tovarlar tranziti davom etishi mumkin.

Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasi ushbu choralarni 5 iyundan keyin qayta tiklashga tayyor, ammo istisno vaziyat saqlanib qolinishi kerak, deya ma’lum qildi Bryussel: "Bu choralar Yevropa Ittifoqiga a’zo beshta davlat duch kelgan logistikadagi jiddiy to‘siqlarning istisno holatlarini hisobga olgan holda zarur".

Bunga parallel ravishda Bolgariya, Vengriya, Polsha va Slovakiya bug‘doy, makkajo‘xori, raps va kungaboqar urug‘lari hamda Ukrainadan keladigan boshqa mahsulotlarga nisbatan bir tomonlama taqiqlarni olib tashlashga va’da berdi, deya xabar qildi Yevropa komissiyasi.

Bundan tashqari, Bryussel Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan yuqorida qayd etilgan beshta davlatga 100 million yevrolik moliyaviy yordam paketini ajratadi. Bu ikkinchi transh bo‘ladi - birinchisi 56 million yevroni tashkil etdi va uchta davlatga berildi: Polsha, Bolgariya va Ruminiya.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan ichki bozordagi vaziyatni o‘rganadi. Bundan tashqari, Yevropa Komissiyasi Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining transport "birdamlik liniyalari" orqali boshqa YeI mamlakatlariga va undan tashqariga tranzitini yengillashtirish choralarini ko‘rishga va’da berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid