Jahon | 13:42 / 06.05.2023
11722
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Kapitoliyga hujum ishi bo‘yicha eng qattiq hukm chiqarildi

Tramp tarafdorlari tomonidan AQSh Kongressi binosiga bostirib kirish vaqtida olomonni boshqargan va politsiyachiga hujum qilgan Pensilvaniya shtatida yashovchi erkak 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Foto: AP

Vashingtondagi sud 5 may, juma kuni Pensilvaniya shtatida yashovchi, 2021 yil yanvarida Kapitoliy tepaligidagi tartibsizliklar va AQSh Kongressi binosiga bostirib kirishda ishtirok etgan 49 yoshli fuqaroni 14 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bugungi kunga kelib, bu ish bo‘yicha e’lon qilingan eng og‘ir hukmdir.

AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgan kuni ayblanuvchi olomonni boshlab, politsiyachini stul bilan urgan. Bundan tashqari, u avvalroq huquq-tartibot idoralari xodimlaridan o‘g‘irlab ketgan ko‘zdan yosh oqizuvchi gazni politsiyachining yuziga sepgan. 2022 yil dekabr oyida erkak xavfli qurol bilan hujum qilish, shuningdek, xavfsizlik xizmati ishiga aralashib, kirish taqiqlangan binoga xavfli qurol bilan kirib, u yerda zo‘ravonlik sodir etganlikda aybdor deb topildi.

2021 yilning 6 yanvarida Donald Tramp tarafdorlari kongressmenlarning 2020 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida demokrat Jo Bayden g‘alabasini rasman tasdiqlashiga to‘sqinlik qilish maqsadida Kongress binosiga bostirib kirishdi. Ushbu voqealar natijasida 950 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilindi. 600 ga yaqin sud qarori allaqachon chiqarilgan.

Mavzuga oid