14:07 / 07.05.2023
17034

Hindistonda etnik nizo oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Hindistonning Manipur shtatida etnik to‘qnashuvlar oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 30 kishi halok bo‘lgan.

Manipurda tartib o‘rnatish uchun minglab harbiy xizmatchilar yuborilgan. Foto: AFP

Manipurdagi etnik ozchilik shtatdagi asosiy etnik guruhga ham xuddi o‘zlariniki kabi «qabila» yuridik maqomi berilishiga qarshi o‘tkazgan mitingdan keyin tartibsizliklar boshlandi.

Olomon uylar, avtomobillar, cherkovlar va ibodatxonalarni vayron qilgan. Matbuotda tarqalgan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 54 nafarga yetadi.

Xabar qilishlaricha, 10 mingdan ortiq kishi talonchilardan qochib, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Minglab harbiy xizmatchilar tartibni saqlashda ko‘maklashish uchun mazkur shtatga yuborilgan.

Shtatning ayrim tumanlarida komendantlik soati amal qilmoqda, internetga kirish bloklangan.

Qo‘shni shtatlar Manipurdagi talabalarini evakuatsiya qilishga kirishgan.

Armiya vaziyat nazorat ostiga olingani haqida bayonot berdi, ammo shtat hukumati zo‘ravonlikning oldini olish uchun yetarlicha harakat qilmaslikda ayblanmoqda.

Uch million kishi yashovchi Manipur - Hindistonning eng kichik shtatlaridan biridir. U mamlakat shimoli-sharqida, Myanma bilan chegarada joylashgan.

Meytey jamoati a’zolari (ular shtat aholisining 50 foizga yaqin qismini tashkil etadi) ko‘p yillardan buyon o‘zlarini ro‘yxatga olingan qabilalar toifasiga qo‘shishni talab qilib keladi.

Manipur aholisi vakillari talonchilar guruhi bino va avtomobillarga o‘t qo‘ygani haqida aytib bergan. Foto: AFP

Hindiston hukumati rasman tan olingan «qabilalar»ga davlat lavozimlari uchun kvotalar, kollejlarda joylar va hokimiyatning barcha darajalarida saylov mandatlari ajratadi. Rasmiy siyosatga ko‘ra, bu etnik ozchilik vakillari va azaldan imtiyozlarga ega bo‘lgan asosiy etnik guruhlar vakillari uchun imkoniyatlarni tenglashtirish maqsadida qilingan.

Bunday status meytey jamoati a’zolariga o‘rmon mulklaridan foydalanishga imkon berar, davlat lavozimlarida ulush va o‘quv muassasalarida joyni kafolatlagan bo‘lardi.

Boshqa qabilalar esa, asosan Manipurning tog‘li hududlaridagi o‘rmonzorlarda ota-bobolariga tegishli bo‘lgan yerlar ustidan nazoratni boy berishlari mumkinligidan xavotirga tushishgan.

Seshanba kuni shtatning tog‘li hududlarida yashovchi qabilalarning minglab vakillari Manipur butunqabilalar ittifoqi tomonidan uyushtirilgan namoyishchilik marshini boshlashdi.

Bir kun keyingi aksiya to‘qnashuv bilan yakunlandi, shundan keyin butun shtat bo‘ylab tartibsizliklar boshlanib ketdi. Tomonlar bir-birini tartibsizliklar keltirib chiqarishda ayblamoqda.

Top