Jahon | 12:56 / 08.05.2023
19030
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tunda Kiyev va Odessaga havo hujumlarini amalga oshirdi

Ukraina harbiy-havo kuchlari Kiyevga hujum qilgan Rossiyaning barcha dronlari urib tushirilganini ma’lum qildi. Odessa tomon otilgan raketalar nishonlarga qisman tegdi.

Foto: Reuters

8 may, dushanbaga o‘tar kechasi Rossiya Eronda ishlab chiqarilgan Shahed-136/131 kamikadze-dronlari bilan Kiyev va Odessa viloyatlariga havodan hujum qildi, deb xabar berdi Ukraina harbiy-havo kuchlari. Xabarda aytilishicha, Kiyevga hujum qilgan 35 ta UUAning barchasi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan.

Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Kiyevga shimoliy yo‘nalishdan – Bryansk viloyatidagi Seshcha aerodromidan hujum qilgan. Ma’muriyat rahbari Sergey Popko so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda besh nafar fuqarosi jabrlangan, shaharda avtomobillar va derazalar shikastlangan. 

Ukraina Harbiy-havo kuchlarining xabarida, shuningdek, Rossiyaning uzoq masofali Tu-23M3 bombardimonchi samolyotlari Qrimdagi Tarxankut burni hududidan sakkiz marta raketa uchirganligi aytiladi. Ukraina harbiylarining aniqlik kiritishicha, «raketalarning bir qismi nishonga tegmagan». 

Odessa viloyati harbiy ma’muriyati spikeri Sergey Bratchukning Telegram-kanalida Odessa viloyatidagi vayronagarchilik tasvirlari e’lon qilindi. 

8 mayga o‘tar kechasi Vinnitsa, Kirovohrad, Chernihiv, Poltava, Mikolayiv, Dnipropetrovsk viloyatlari va Xerson viloyatining Ukraina nazoratidagi qismida ham havo trevogasi e’lon qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid