Jahon | 09:35 / 12.05.2023
5797
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev musodara qilingan Rossiya aktivlarini kimoshdi savdolarida sotmoqchi

Ukraina Rossiyaning musodara qilingan aktivlarini davlat mulkiga o‘tkazib, sotmoqchi, deb xabar berdi Davlat mulk jamg‘armasi raisi Umerov. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Jamg‘arma 102 tagacha aktivni sotishni rejalashtirgan.

Foto: Shutterstock

Ukraina bu yil Rossiyaning musodara qilingan aktivlarini xususiylashtirish auksionlarida sotishdan tushgan mablag‘ni mamlakatni qayta tiklashga sarflashga umid qilmoqda. Bu haqda 11 may, payshanba kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida Ukraina Davlat mulki jamg‘armasi raisi Rustem Umerov ma’lum qildi.

Umerovning so‘zlariga ko‘ra, bir qator sohalardagi Rossiya biznesi bozorda muhim o‘yinchi bo‘lgan, biroq uning aktivlarining aniq qiymatini hech kim hisoblamagan. "Bizning maqsadimiz - bularning barchasini davlat mulkiga o‘tkazish, tayyorlash va sotish. Biz bu korxonalar Ukraina davlati, Ukraina fuqarolari uchun ishlashini istaymiz", - deya ta’kidladi Davlat mulk jamg‘armasi rahbari.

Rossiyaning Ukrainadagi barcha aktivlarini aniqlash turli hukumat va huquqni muhofaza qilish idoralari ishtirokidagi uzoq va murakkab jarayon, deya tushuntirdi Rustem Umerov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil fond 102 tagacha aktivni, asosan, ko‘chmas mulk va avtomobillarni sotmoqchi.

“Ularni davlat mulki fondiga o‘tkazish faqat mulklarni hibsga olish va milliylashtirish bo‘yicha sud qarori qabul qilingandan keyingina amalga oshirilishi mumkin”, — dedi Umerov. Davlatga o‘tkazish yangi mulkdorga huquqiy qiyinchiliklarsiz egalik qilish uchun zarur, deya qo‘shimcha qildi u.

"Ikkinchi chorak oxirida - uchinchi chorak boshida biz bu aktivlarni sotishga tayyor bo‘lamiz", deb va’da berdi Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi rahbari. Umerovning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik egalar qayta ro‘yxatdan o‘tish tartibini amalga oshirgani tufayli ayrim qiyinchiliklar paydo bo‘lyapti, bu holda gap bir nechta yuridik shaxslar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid