Jahon | 20:46 / 14.05.2023
29597
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada ikki rossiyalik polkovnik halok bo‘ldi - RF mudofaa vazirligi

So‘nggi kunlarda Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut hududidagi qarshi hujumlari haqida xabarlar ko‘paygandi.

Foto: Reuters

RF mudofaa vazirligi 4-motoo‘qchi brigada qo‘mondoni, polkovnik Vyacheslav Makarov hamda armiya korpusi qo‘mondonining harbiy-siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Yevgeniy Brovko Ukraina qurolli kuchlarining Soledar-Baxmut yo‘nalishidagi hujumlarini qaytarish chog‘ida halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, Vyacheslav Makarov Donetsk oblastining Baxmut shahri atrofidagi Krasnoye qishlog‘i hududidagi janglarga boshchilik qilgan va og‘ir tan jarohati olib, jang maydonidan evakuatsiya qilish chog‘ida jon bergan.

Polkovnik Yevgeniy Brovko esa «boshqa uchastkada raqib hujumini qaytarish» bo‘yicha janglarga rahbarlik qilgan (aynan qayerdaligiga aniqlik kiritilmagan). Brovko «snaryad parchalaridan ko‘p sonli jarohatlar olib qahramonlarcha halok bo‘lgani» qayd etilgan.

RF mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari Baxmutdan shimolda va janubda Rossiya kuchlarining «mudofaasini yorib o‘tish uchun yoppasiga harakat qilgani»ni qayd etgan. «Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining barcha urinishlari qaytarildi. Rossiya qo‘shinlarining mudofaasi yorib o‘tilishiga yo‘l qo‘yilmadi», — deyilgan vazirlik xabarida.

  • RF mudofaa vazirligi o‘z harbiylarining, ayniqsa yuqori lavozimli qo‘mondonlarining halokati haqida juda kamdan kam hollarda xabar beradi. Odatda bunday harbiylar o‘limi haqida vazirlik ularni o‘limidan keyin mukofotlashga taqdim etganida ma’lum bo‘lardi.
  • BBC rus xizmati jurnalistlari «Mediazona» va ko‘ngillilar bilan hamkorlikda yuritadigan loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon 22,6 mingdan ortiq rossiyalik harbiy o‘limi tasdiqlangan. 12 may holatiga ko‘ra, ochiq manbalar orqali urushda rossiyalik 57 polkovnik va kamida to‘rt nafar general halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid