O‘zbekiston | 15:34 / 16.05.2023
103407
2 daqiqa o‘qiladi

Shukrullo Egamberdiyev Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etildi

So‘nggi kunlarda mehnat muhojirlari haqidagi gaplari shov-shuv bo‘lgan imomga «hayfsan» intizomiy jazosi ham berilgan.

Foto: Videodan lavha

16 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Shukrullo domla» sifatida tanilgan Farg‘ona viloyati Toshloq tumani bosh imomi va «Abu Hanifa» jome masjidi imom-xatibi Shukrullo Egamberdiyevning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari muhokama qilingan. Idora matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda imom-xatibning e’tirozlarga sabab bo‘lgan chiqishlari va fikr-mulohazalari imomlik maqomiga to‘g‘ri kelmasligiga urg‘u qaratilgan.

«Sh.Egamberdiyev majlisda muhokamaga sabab bo‘lgan chiqishlarida xatoga yo‘l qo‘yganini e’tirof etdi va uzr so‘radi. Imom-xatib kelgusidagi faoliyatida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. O‘z navbatida, mazkur xatti-harakatlarga nisbatan huquqiy baho berib, tegishli chora ko‘rilishi munosabati bilan imom-xatibni obro‘sizlantirish holatlaridan saqlanishni so‘raymiz.

Ichki nazorat komissiyasi bayon etilganlarni inobatga olib, Shukrullo Egamberdiyevga «hayfsan» intizomiy jazosi berish va Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qildi», — deyiladi Musulmonlar idorasi bayonotida.

Musulmonlar idorasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Shukrullo Egamberdiyev «Abu Hanifa» jome masjidi imom-xatibi lavozimida qolgan.

Ma’lum qilinishicha, diniy idora tizimidagi Ichki nazorat komissiyasi – diniy soha xodimlari faoliyatini tartibga solish, kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlarga ta’sir choralarini qo‘llash va halol-pok xizmat qilayotganlarni himoya qilish hamda rag‘batlantirish kabi vakolatlarga ega.

So‘nggi kunlarda imomning mehnat muhojirlari haqidagi gaplari shov-shuv va katta e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Shukrullo Egamberdiyev 2022 yil oktyabrida O‘zbekiston madaniyat vaziri, taniqli xonanda Ozodbek Nazarbekov bilan quda bo‘lgandi.

Mavzuga oid