O‘zbekiston | 13:54 / 18.05.2023
10031
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini ochish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov Trend’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: trend.az

«Ushbu terminal shakarni O‘zbekistonga tashish uchun ham, eksportimiz uchun ham ishlaydi. Biz buning uchun davlat-xususiy sheriklikdan foydalanmoqchimiz. O‘zbekistonlik tadbirkorlar kelgusida foydalanish uchun Olyat porti infratuzilmasini rivojlantirishga sarmoya kiritmoqchi», - deydi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda tomonlar O‘zbekistondan kelayotgan tovarlarni saqlash uchun Boku porti hududida ombor infratuzilmasini yaratish bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. 

Mo‘minov, shuningdek, joriy yilda prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Ozarboyjon va Gurjiston portlari orqali tovar yetkazib berish hajmini 1,5 million tonnaga yetkazishini ta’kidladi. 

«Dunyodagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, yetkazib berishning muqobil yo‘llarini izlash zarur, hozirda O‘zbekiston yuklarni Ozarboyjon yo‘nalishiga qayta yo‘naltirmoqda, shu tariqa O‘rta yo‘lakning [Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘li] salohiyatini rivojlantirmoqda. Bugun biz Ozarboyjonning transport salohiyatidan, Boku xalqaro dengiz savdo portining imkoniyatlaridan, xususan, shakar importi bo‘yicha juda faol foydalanmoqdamiz. Bu yil biz shakar tashish hajmini ikki barobarga – 300 ming tonnagacha oshirishni mo‘ljallayapmiz», — deb tushuntirdi vazir o‘rinbosari. 

Uning qayd etishicha, 2022 yilda Ozarboyjon hududi orqali shakar xomashyosini tashish 130 ming tonnani tashkil qilgan. 

Umuman olganda, 2022 yilda Ozarboyjonning Olyat porti orqali O‘zbekiston eksport-import yuklarini tashish hajmi 65 foizga oshib, 900 ming tonnadan ortiqni tashkil qildi.

Mavzuga oid