Jahon | 12:58 / 20.05.2023
9928
2 daqiqa o‘qiladi

G7'ning yangi sanksiyalari Rossiyani texnologiyalardan mahrum qilishga qaratiladi

Xiroshima sammiti ishtirokchilari Rossiya Federatsiyasini Ukrainaga qarshi urush olib borishga yordam beradigan har qanday texnologiya va jihozlardan mahrum qiladi. Avvalroq AQSh Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qilgan edi.

Foto: AP

“Katta yettilik” mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qiyinlashtirish maqsadida unga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashga qat’iylik bildirdi. 19 may, juma kuni Yaponiyaning Xiroshima shahridagi sammit chog‘ida "Katta yettilik" mamlakatlari yetakchilari “Rossiyani uning urush mashinasini qo‘llab-quvvatlovchi har qanday G7 texnologiyasi, sanoat uskunalari va xizmatlaridan mahrum qilish”ga kelishib oldilar.

Yangi sanksiyalar “jang maydonida Rossiya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan” tovarlarni eksport qilishni taqiqlash, shuningdek, “Moskvaga harbiy materiallarni frontga yetkazishni ta’minlovchi” korxona va tashkilotlarga cheklovlarni o‘z ichiga oladi.

Xiroshima sammitidan biroz oldin AQSh Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi uchun Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari paketini e’lon qilgan edi. Boshqa narsalar qatorida, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlarning 70 ga yaqin korxona va tashkilotlarini Amerika eksportidan uzib qo‘yish rejalashtirilgan, dedi Oq uyning yuqori martabali vakili.

AQSh, shuningdek, 300 dan ortiq jismoniy shaxslar, kompaniyalar, tashkilotlar, kemalar va samolyotlarga cheklovlar qo‘yadi. Vashingtonga ko‘ra, bu Rossiya va uning harbiy mashinasiga iqtisodiy bosimni yanada oshirish uchun qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid