Jahon | 19:33 / 20.05.2023
13107
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziya prezidenti o‘z mamlakati aviakompaniyasiga boykot e’lon qildi

Salome Zurabishvili Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tiklagan Georgian Airways aviakompaniyasi xizmatidan foydalanmasligini ta’kidladi.

Foto: AP

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili 20 may kuni Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning tiklanishiga yana bir bor salbiy munosabat bildirdi va Rossiyaga parvozlarni boshlagan Georgian Airways aviakompaniyasini boykot qilishini aytdi.

«Men Georgian Airways kompaniyasiga boykot e’lon qilaman», dedi u brifingda va fuqarolarni ham boykotga qo‘shilishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya faqat boyishdan manfaatdor va «aholining juda katta qismi uchun nomaqbul bo‘lgan ushbu yangi voqelikdan foydalanmoqchi».

Zurabishvili bundan buyon aviakompaniya xizmatidan foydalanmasligini ta’kidladi.

«Prezident samolyoti ushbu aviakompaniyaning qo‘lida ekan, undan foydalanishdan tiyilaman», dedi u.

10 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z farmoni bilan 2019 yil iyulidan beri amalda bo‘lgan Gruziyaga parvozlarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Rossiya Transport vazirligi Rossiya aviakompaniyalari Moskva va Tbilisi o‘rtasida haftasiga yetti marta parvoz qilishini ma’lum qildi.

19 may kuni Rossiya aviakompaniyasi samolyoti 2019 yildan beri birinchi marta Gruziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reysini amalga oshirdi.

Gruziya prezidenti Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni qayta tiklashga qarshi chiqdi va rossiyaliklar uchun vizalar joriy etishni taklif qildi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi, o‘z navbatida, Rossiya bilan havo qatnovi qayta tiklangan taqdirda Tbilisini sanksiyalar xavfi haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid