O‘zbekiston | 14:18 / 20.05.2023
10384
3 daqiqa o‘qiladi

Partiyalar prezidentlik saylovlari uchun o‘z nomzodlariga imzo to‘plashmoqda

Qoidaga muvofiq, saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilgan siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, saylovchilar umumiy sonining kamida bir foizi imzosi to‘planishi kerak.

Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O'zLiDeP va “Adolat” SDPning boshlang‘ich partiya tashkilotlari tomonidan prezidentlik saylovlari uchun o‘z nomzodlariga imzo yig‘ish jarayoni davom etmoqda.

Imzo to‘plash tamomlanganidan so‘ng hududlar bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalari Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi hamda ularning to‘g‘ri to‘ldirilganligi besh kunlik muddatda tekshirib chiqiladi. 

Xalq demokratik partiyasiga ko‘ra, partiyaning imzo yig‘ish jarayonida fuqarolar, aholining turli qatlami vakillari partiya g‘oyalari, tashabbuslari bilan yaqindan tanishgan holda qatnashmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasida ovoz to‘plash jarayonlari partiyaning 3 mingdan ortiq boshlang‘ich partiya tashkiloti, partiya faollari bilan birgalikda tashkil etilmoqda. Partiya mazkur jarayonda fuqarolar o‘z xohish-istaklari bilan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, saylovda ishtirok etishiga xayrixohlik bildirayotganini ma’lum qilgan

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ham imzo yig‘ish ishlari jadal olib borilyapti. Jumladan, Namangan shahridagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani”da ko‘plab saylovchilar partiyadan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, imzo varaqasini to‘ldirganlar.

O‘z nomzodiga imzo yig‘ishda O'zLiDePning hududiy bo‘limlari vakillari, deputatlar, quyi bo‘g‘inlar a’zolari ham faollik ko‘rsatishyapti. Jumladan, Jizzax viloyatidagi ovoz yig‘ish jarayonlari Jizzax shahridagi yirik korxona va tashkilotlarda ham olib borilgan.

“Adolat” SDP ham viloyat kengashlari tomonidan imzo to‘plashga mas’uliyat bilan yondashilayotganligini ma’lum qilgan. 

“Viloyat miqyosida 23 ming nafarga yaqin saylovchining imzosini to‘plashimiz kerak. Jarayonni samarali tashkil etish maqsadida partiya faollari, deputatlardan iborat ishchi guruhlar shakllantirilgan», deya ta’kidlagan partiyaning Samarqand viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Lola Sayidova.

Ma’lumot uchun, Saylov kodeksining 38-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha siyosiy partiya o‘zining vakolatli vakili ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyin saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli.

Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi.

Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid