O‘zbekiston | 14:34 / 22.05.2023
16849
19 daqiqa o‘qiladi

Pokiston atrofidagi geosiyosiy o‘yinlar va Imron Xon - siyosatshunos bilan suhbat

Pokistonda, sobiq bosh vazir Imron Xon korrupsiyada gumonlanib hibsga olinishi ortidan, yirik namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz bu mamlakatda bir yildan ortiqroq vaqtdan beri saqlanib qolayotgan siyosiy beqarorlik sabablari haqida siyosiy fanlar doktori, professor Aktam Jalilov bilan suhbatlashdi.

So‘nggi paytlarda Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning hibsga olinishi fonida mamlakatda yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bundan bir yil avval Pokiston parlamenti Imron Xonga nisbatan ishonchsizlik votumini e’lon qilib, muddatidan oldin bosh vazir lavozimidan chetlatgan eli. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, siyosiy vaziyat hamon barqarorlashgani yo‘q.

Sobiq bosh vazir joriy yil 9 may kuni hibsga olindi. Shundan keyin mamlakatda namoyishlar boshlandi. 11 mayda Imron Xon sudning qarori bilan ozodlikka chiqarildi. Lekin namoyishchilar bu bilan to‘xtab qolmadi, chunki sobiq rahbarga qarshi ochilgan sud ishi hali ham davom etmoqda. Ish xorijiy davlat mulozimlaridan sovg‘alar olish va ularni sotish bilan bog‘liq.

Imron Xonning mamlakat bosh vaziri lavozimidan ozod qilinishi, u 2022 yilning 23 fevralida, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir kun avval Moskvaga safar qilganidan ko‘p o‘tmay ro‘y bergan edi.

Kun.uz siyosiy fanlar doktori, professor Aktam Jalilov bilan Pokiston atrofidagi geosiyosiy o‘yinlar va “qizil chiziqlar”ni bosib o‘tgan Imron Xon haqida suhbatlashdi.

— Bugun Pokistondagi namoyishlar faqatgina sobiq bosh vazirning hibsga olinishi tufayli yuz berdimi yoki mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni shu darajaga olib kelgan boshqa omillar ham mavjudmi?

— Bugungi kunda Pokistonda yuz berayotgan siyosiy bo‘ronlar Imron Xonning hibsga olinishi bilan bog‘liq. Albatta, bu jarayonlarning o‘ziga xos tarixi mavjud va buni mamlakatning siyosiy rivojlanishi bilan ham bog‘lash mumkin. Biz Pokistonning bugungi holatiga baho berish uchun uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalariga nazar tashlashimiz kerak. Ma’lumki, Pokiston mustaqillikka erishganidan beri ma’lum bir siyosiy guruhlar tomonidan boshqarib kelinmoqda, bu guruhlar harbiylar hamda yirik oilalar hisoblanadi. Shuning uchun sobiq bosh vazirning hibsga olinishi yoki o‘tgan yilning aprel oyida uning ishonchsizlik votumi orqali hokimiyatdan ag‘darilishi, uning o‘rniga yana bir sobiq bosh vazir Navoz Sharifning ukasi Shahboz Sharif kelishi va 2023 yilning kuzida o‘tkazilishi kutilayotgan saylovlar bilan ham bog‘liq.

— Imron Xonning hokimiyat tepasiga kelishida armiyaning roli katta ekaniga ishoniladi. Agar shunday bo‘lsa, nega harbiylar yoki boshqa hukumat vakillari uning boshqaruvda qolishini qo‘llab-quvvatlamadi?

— Biz shu o‘rinda 2022 yilning kuzida AQSh prezidenti Jo Baydenning Pokiston haqida bildirgan yadro quroli bilan bog‘liq fikrini eslashimiz kerak. Bayden Pokistonni yadro quroliga ega eng xavfli davlat deb atagan va bu fikr Pokiston rahbariyatining noroziligiga sabab bo‘lgandi. Lekin ko‘p o‘tmay, AQSh Davlat departamenti Pokistonning yadroviy dasturini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qiladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, Pokistonda harbiylar mamlakatning nafaqat tashqi siyosati, balki ichki siyosati va iqtisodiy taraqqiyotiga ham katta ta’sir ko‘rsata oladigan kuch hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatda mavjud biznes elitalarining ortida ham harbiylar turadi. Masalan, o‘sha harbiylar o‘z vaqtida harbiy-general Parvoz Musharrafni qo‘llab-quvvatlagan, lekin ma’lum bir siyosiy inqiroz davrida harbiylarning o‘zi Parvoz Musharraf o‘rniga fuqaroviy shaxsni hukumat tepasiga olib kelgan.

Harbiylar nega Imron Xonni qo‘llab-quvvatlamadi? Ba’zi manbalarning aytishicha, Imron Xon G‘arb siyosiy doiralari uchun qulayroq nomzod bo‘lgan. Lekin yuqorida aytilganidek, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir kun avval u Moskvaga tashrif buyurgan, shuningdek, uning Xitoy bilan munosabatlari ham juda iliq bo‘lgan. Aslini olganda, men Imron Xonning Rossiya bilan chuqur siyosiy hamkorligi borligi to‘g‘risida keng qamroqli ma’lumotlarga ega emasman, lekin Pokiston va Xitoy o‘rtasidagi harbiy aloqalar yetarlicha tarixga ega. Shuning uchun Xitoyni nafaqat Janubiy Osiyo, balki butun dunyo bo‘yicha Pokistonni qo‘llab-quvvatlovchi eng yirik hamkor sifatida e’tirof etish mumkin. Shundan kelib chiqsak, agar bosh vazir harbiylar va umumiy Pokiston manfaatlariga mos ravishda faoliyat yuritsa, uni harbiylar qo‘llab-quvvatlaydi, aksincha bo‘lgan taqdirda esa bosh vazir kim bo‘lishidan qat’i nazar harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Aslida, 9 may kuni hibsga olingan Imron Xonning 11 may kuni ozod qilinishida harbiylar ishtirok etmagan, bu jarayon ishtirokchilari boshqa siyosiy guruhlar bo‘lgan.

— Imron Xonning 4 yillik faoliyat trayektoriyasi qanday shakllandi, nega u o‘z faoliyatida Rossiya va Xitoyni mo‘ljalga olib harakat qildi?

— 2018 yilda Imron Xon hokimiyatga kelgan paytda u xalqqa harbiylar, musulmonlar ligasi yoki yirik oilalar tomonidan rivojlantirilgan, qarzlar va korrupsiya botqog‘iga botgan Pokiston o‘rniga yangi mamlakatni va’da qildi. Lekin pandemiya va unga qarshi bo‘lgan siyosiy kuchlar uning rejalarini barbod qildi.

Harbiylar va eski yirik oilalar, jumladan, Shariflar oilasi doimiy ravishda katta kuchga ega bo‘lgan va vaqti kelganda siyosiy jarayonlarda ishtirok etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pokiston harbiylari o‘zlarining ixtiyoridan tashqarida bo‘lgan har qanday iqtisodiy loyihalarni mutlaqo e’tirof etmaydi. Masalan, Xitoyning Pokiston orqali o‘tadigan gaz quvurlari loyihalari ham boshqa transmintaqaviy loyihalar ham harbiylar ishtirokida amalga oshirilishi talab qilinadi. Agar loyihalar harbiylar bilan kelishilgan tarzda amalga oshirilmasa, ular mazkur “xatolar”ni to‘g‘rilashga majbur qilishadi.

Ma’lumki, Pokiston – AQShning azaliy hamkori sanaladi. Qo‘shma Shtatlar hukmron doiralari har doim Pokistonni qo‘llab-quvvatlab keladi. Hatto Pokistonning yadroviy dasturlari ham dastlab AQSh ko‘magi bilan boshlangan. Qayd etish kerakki, AQSh va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik negizida harbiy aloqalar muhim rol o‘ynaydi.

— Bilamizki, uzoq vaqt davomida AQSh Janubiy Osiyo qurol bozorida katta ustunlikka ega bo‘lib kelgan, lekin 2020 yildan boshlab bu ko‘rsatkich Xitoy foydasiga og‘gandek bo‘ldi. Bu holatga G‘arbning munosabati qanday? Shahboz Sharif Imron Xon davrida tuzilgan mazkur siyosiy kelishuvlarni bekor qila oladimi?

— Pokiston Hindistonning Janubiy Osiyodagi asosiy raqibi hisoblanadi. AQSh esa bir vaqtning o‘zida ham Hindiston, ham Pokiston bilan hamkorlik qilish orqali Janubiy Osiyo mintaqasidagi siyosiy jarayonlarni nazorat qilib turadi.

Pokiston 2015 yilda Islomobodda o‘tkazilgan harbiy ko‘rgazmada yangi harbiy qiruvchi samolyotini namoyish qildi va bu Xitoy-Pokiston hamkorligidagi harbiy-texnologik loyihaning natijasi edi. Bundan tashqari, hozirda Xitoy va Pokiston harbiy ittifoq ostonasida turgani haqida ham gap-so‘zlar bor. Lekin AQSh Janubiy Osiyodagi qurol bozorini Hindiston bilan hamkorlik qilish orqali allaqachon egallab bo‘lgan va hatto Amerika bu bozorda Rossiya Federatsiyasini siqib chiqarishga ham erishdi. Ammo hozirda Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Janubiy Osiyodagi geosiyosiy muvozanatni belgilab beryapti.

Nima uchun bu mintaqaga Xitoyning qiziqishi juda yuqori? Buni bir nechta yo‘nalishlar orqali tushuntirish mumkin. Birinchi navbatda, Pokiston doim yonida Xitoy turishini va ularning harbiy aloqalari maksimal darajada yaxshi bo‘lishini xohlaydi. Chunki u o‘zining azaliy raqibi Hindistonga qarshi katta kuch bilan tura olishi shart.

AQSh va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayriboshlash ko‘rsatkichi 150 mlrd dollarni tashkil qiladi. O‘z navbatida, AQSh Pokistondan 2021 yilda 5 mlrd dollarlik mahsulot sotib olgan. Bundan kelib chiqadiki, Pokiston Qo‘shma Shtatlarning majburiy do‘sti, ya’ni ular bir-birlarini yoqtirmasliklari mumkin, lekin AQSh Pokistonni Janubiy Osiyoda to‘laqonli tarzda Xitoy ixtiyoriga topshirib qo‘ya olmaydi, shuningdek, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi adovat alanga olib ketishiga ham yo‘l qo‘ymaydi.

— Pokistonga siyosiy rahbar tanlanishiga tashqi kuchlarning ta’siri qanday?

— Hozirgi vaziyatda Pokistonda harbiy nuqtayi nazardan aksilxitoy hukumat bo‘lishi mumkin emas, shuningdek, aksilevropa hukumati ham hokimiyat tepasiga kela olmaydi. Ya’ni Pokiston Xitoy bilan juda yaxshi harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, yuqorida ta’kidlanganidek, hatto ularning hamkorligi ittifoq darajasida e’tirof etilmoqda. Iqtisodiy nuqtayi nazardan esa Pokistonning eng yaxshi doimiy hamkori Yevropadir.

Zulfiqor Ali Bhutto o‘z davrida ularning dini Islom, siyosiy tizimi demokratiya, iqtisodiyoti esa sotsializm ekanini e’lon qilgan, lekin Pokistonni iqtisodiy nuqtayi nazardan sotsializm yo‘lidan bordi, deb aytish qiyin. Chunki ular doim G‘arb bilan yaxshi iqtisodiy hamkorlikka ega bo‘lgan. AQSh-Pokiston munosabatlariga qaraganda Buyuk Britaniya-Pokiston munosabatlari iliqroq. Masalan, Navoz Sharif 10 yilga qamalgan, lekin bir yildan keyin, uni bemor sifatida qamoqdan olib chiqib, Londonga olib borishgan va u o‘sha yerda turib ukasining o‘tgan yilgi to‘ntarishlarni sodir etishiga sabab bo‘lgan, Britaniya esa bu jarayonni chetdan kuzatib turgan. Amerika va Pokiston o‘rtasida harbiy tusdagi hamkorlik mavjud, albatta. Lekin ayni vaqtda AQSh harbiy doiralari va Pokiston harbiy elitalari o‘rtasida kelishmovchilik mavjud.

Qanday qilib, AQSh bilan azaliy harbiy hamkor hisoblangan Pokiston Xitoy bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydi, ularning hamkorligi qachon boshlandi? Xitoy hamda Pokiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlik so‘nggi 30 yil davomida rivojlandi. Amerika vaziyatni kuzatib turibdi, lekin u Pokistonning harbiy sanoatiga bu darajada chuqur investitsiya kirita olmaydi. Bu holat Pokistonning relefi bilan, ya’ni uning ichki mintaqaviy tuzilishi bilan bog‘liq. Pokiston hayotida panjobliklar juda muhim rol o‘ynaydi, ular mamlakat aholisining 50 foizini tashkil qiladi; harbiylar ham asosan panjobliklar hisoblanadi. Masalan, Navoz Sharif 3 marta bosh vazir lavozimiga tayinlangan, uning ukasi Shahboz Sharif esa 3 marta Panjob gubernatori bo‘lgan. Shuning uchun panjobliklar mamlakatda katta kuchga ega bo‘lishgan. Lekin so‘nggi 30 yilda harbiy bo‘lishning o‘zi juda katta siyosiy kuch taqdim qilishni va harbiylar orasida boshqa mintaqa vakillari ko‘payishni boshladi. Bugungi kunda harbiylar orasida boshqa hudud vakillari orasida ham katta siyosiy kuchga ega generallar va boshqa shaxslar paydo bo‘lgani sababli mamlakatdagi siyosiy vaziyatni panjobliklar yoki panjoblik bo‘lgan harbiy elita vakillari boshqaradi, deyish mushkul bo‘lib qoldi.

Amerika Pokistonning harbiy hamkori sanalsa-da ular Pokiston harbiy elitasining barcha talablarini to‘liq bajarmaydi, chunki Pokiston mustaqillikka erishganidan beri AQShdan doimiy ravishda harbiy, madaniy va ta’lim sohalari uchun moliyaviy yordam oladi. Lekin Amerika har doim ham Pokiston harbiylarining so‘zlarini tinglamaydi, hatto ular o‘rtasida antipatiya ham bor, deyish mumkin. Bunga misol sifatida Afg‘onistonni keltirish mumkin. Bu 2001 yilda boshlangan aksilterror harakatlarida ayniqsa yuzaga chiqdi. Bundan 10 yillar oldin Bin Laden aynan Pokiston hududida yo‘q qilindi, o‘sha vaqtda AQSh qurolli kuchlari mazkur operatsiyani Pokiston harbiy elitasini ogohlantirmasdan amalga oshirgan.

Shuningdek, AQSh “Al-qoida”ning 400 dan ortiq vakilini Pokiston hududida qo‘lga olgan va bunda ham ularni ogohlantirmagan. Chunki Afg‘onistondan Pokiston hududiga o‘tgan jangarilar u yerdan boshpana topishi va ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi mumkin edi. Amerika esa bu vaziyatni doimiy ravishda kuzatib kelgan va ular o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ham mana shunday mavhum holatga kelib qolgan. Lekin ayni paytda Qo‘shma Shtatlar Pokistonning o‘ziga moyilligini doimiy saqlab turishga harakat qiladi. Shuning uchun ular hozirda shartli ravishda hamkorlik qilishadi, chunki amerikaliklar Pokiston hukumati boshqaruviga kim kelishidan qat’i nazar mamlakat iqtisodi G‘arb uchun ochiq bo‘lishini istaydi. Lekin AQSh Pokistonni Xitoy bilan harbiy hamkorlikdan ajratib olishiga ishonish qiyin, chunki ularning aloqalari anchagina kuchayib ulgurgan.

— O‘zi Imron Xon hokimiyat tepasiga qay tarzda kelib qolgan?

— Imron Xon aynan bir siyosiy etnik guruh yoki elita vakili bo‘lgani uchun hokimiyat tepasiga kelgani yo‘q. U sportchi bo‘lgan, u xalq uchun sevimli bir shaxs bo‘lgan. Uni mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy muammolar hukumat tepasiga olib keldi.

Bugungi kunda mamlakatning davlat qarzi 125 mlrd dollarni tashkil etadi, bu summaning qariyb 80 foizini esa hukumat tashqi donorlardan olgan qarzlar tashkil etgan. Bu mamlakatda inson taraqqiyoti indeksi o‘rta darajada, aholi soni 220 mlndan ortadi. Shu sababdan Pokistonning ta’lim, sog‘liqni saqlash va shunga o‘xshash boshqa sohalari G‘arb davlatlarining yordamiga muhtoj. Shuning uchun kuzda o‘tkazilishi kutilayotgan saylovlarda kimlar qatnashishidan qat’i nazar, mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni qhal qilishga va’da bergan va buni uddalashiga boshqalar ishongan shaxs davlat tepasiga kelishi ehtimoli yuqori.

Imron Xonning va’dalarini bajara olmaganiga unga qarshi kuchlardan tashqari yana bir sabab bu – korrupsiya. Aslida, Imron Xon tabiatan korrupsiyaga moyil inson emas, lekin xorijiy amaldorlarning qimmatbaho sovg‘alarini sotish yoki 170 mln dollarlik mulklarni qonuniylashtirish kabi unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha hamon o‘rganishlar ketyapti.

Imron Xonga nisbatan e’lon qilingan ishonchsizlik votumidan keyin minglab odamlar namoyishga chiqishdi, ehtimol ularning qaysidir qismi siyosatchiga nisbatan muhabbati tufayli namoyishga qo‘shilgandir, lekin asosiy masala – mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy muammolar. Ularni hal qilish uchun esa konservativ harbiylar va eski oqsuyak oilalardan tashqari bo‘lgan siyosiy kuch hokimiyat tepasiga kelishi kerak.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, qaysidir mamlakatning biror hududi mavhum bo‘lsa, bu siyosiy iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Misol sifatida dunyoda taraqqiy etayotgan biror mamlakatni olaylik, jumladan, Germaniya hukumati mamlakatdagi biror hududiy birlikni nazoratdan tashqarida bo‘lgan hudud sifatida talqin qilmaydi. Chunki davlatda norasmiy avtoritet shaxslar, mafiyalar yoki radikal guruhlar tomonidan boshqariladigan hudud mavjud bo‘lsa, u mamlakatda siyosiy inqiroz yuzaga kelishi mumkin. Afsuski, Pokistonda mana shunday hududlar va guruhlar mavjud. Bunday hududlarni nazorat qilish va ijtimoiy guruhlarni tozalash ancha qiyin. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hududlar aynan shular jumlasidan. Bir paytlar Bhutto qatl qilingan, hatto Imron Xon ham oyog‘idan yaralangan, lekin qanday qilib, hibsga olingan bosh vazir 2 kundan keyin ozodlikka chiqdi, chunki u o‘z vaqtida SMSlar orqali o‘zi va qiynoqlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z tarafdorlariga yetkazishni uddalagan.

— Pokiston siyosatiga global siyosiy kuchlarning ta’siri qanday? Xususan, Bhuttolar oilasi bilan bog‘liq suiqasdda ham xorijiy manfaatdor davlatlarning ishtiroki borligi to‘g‘risida qarashlar mavjud.

— Aslida, Zulfiqor Ali Bhutto qatl qilinayotgan vaqtda dunyodagi deyarli barcha yirik mamlakatlar rahbarlari qatlni to‘xtatishni so‘rab murojaat qilishgan, jumladan, AQSh prezidenti, hatto Leonid Brijnev ham ularga aloqaga chiqqani haqida ma’lumotlar bor. Ba’zi siyosiy manbalarning yozishicha, agar Imron Xon haqida ham jamoatchilik vaqtida xabar topmaganda, u bilan ham shunday mudhish voqea sodir bo‘lishi mumkin edi.

Umuman olganda, Pokiston – ancha mavhum va murakkab hudud, chunki AQSh uni Janubiy Osiyoda butunlay Xitoyning harbiy yoki iqtisodiy ixtiyoriga topshirib qo‘ymaydi.

— Imron Xonga nisbatan e’lon qilinayotgan ayblovlar uni kelgusi saylovlardagi ishtirokini bloklashga qaratilgan harakatlar bo‘lishi mumkinmi? Imronxonning hokimiyatga qaytishi qanchalik reallika yaqin?

— O‘zi aslida hamma yo‘l shunga olib boryapti, ya’ni Imron Xonning saylovda ishtirok etmasligini ta’minlash uchun harakat qilinyapti. Lekin Imron Xonga qo‘yilgan ayblovlar isbotlanmasa va u jismonan sog‘lom bo‘lsa, uning saylovda ishtirok etishi ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Lekin mening fikrimcha, Pokiston tinchlikni istasa, ularning yagona chorasi – koalitsion hukumat tuzish. Lekin bunga harbiy generallar qarshi chiqishi mumkin, shuning uchun ularning talab va istaklari inobatga olinishi kerak.

Pokistonda yana bir qiziq jihat bor, bu – yadroviy raketalarga qo‘yilgan nomlar. Albatta, raketalarga istalgan nom qo‘yilishi mumkin, masalan, AQShda “Tomagavk” nomli raketalar bor, shuningdek, Rossiya harbiy raketalari nomlarini misol qilib keltirish mumkin. Lekin Pokiston yadroviy raketalarida “Bobur”, “G‘arnaviy”, “Shohin” nomlari mavjud, qit’alararo ballistik raketalarga esa “Temur” nomi berilgan. Ba’zi siyosiy manbalar buni aynan Amir Temur nomiga qo‘yilgani to‘g‘risida yozmoqda.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tasvirchilar – Mirvohid Mirrahimov va Shohruzbek Abdurayimov.
Montajchi – Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid