Jahon | 12:24 / 26.05.2023
8274
3 daqiqa o‘qiladi

Bryussel: YeI Rossiya energiya tashuvchilaridan mustaqil bo‘ldi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning energiya tashuvchilardan o‘z siyosatining quroli sifatida foydalanish istagiga qarshi turishga qodirligini ko‘rsatdi, deya ma’lum qildi Bryussel. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari endi Moskvadan qazib olinadigan yonilg‘iga bog‘liq emas.

Foto: Bloomberg

Yevrokomissiya vakili Tim Makfining 25 may, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi endi Rossiyaning qazib olinadigan yonilg‘isiga qaram emas. Oxirgi 12 oy ichida Yevropa Ittifoqi Rossiya va uning energiya manbalaridan qurol sifatida foydalanishga urinishlariga qarshi tura olishini ko‘rsatdi, dedi u.

“Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga ko‘mir importi to‘xtadi, neft importi urushgacha bo‘lganiga nisbatan juda oz ulushni tashkil etdi va Rossiya gazi Yevropa Ittifoqi bozoridan tez chiqib ketmoqda”, dedi Makfi. Misol uchun, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishidan oldin, RF gaz yetkazib berishi Yevropa Ittifoqi importining taxminan 45-50 foizini tashkil qilgan. 2023 yil martiga kelib, bu ko‘rsatkich 8 foizga kamaydi.

Yevrokomissiya vakili bu uchta omil tufayli amalga oshirilganini tushuntirdi. Birinchisi, Yevropa Ittifoqi davlatlari 2022 yilda 70 milliard kub metr ko‘proq gaz sotib olgan ishonchli yetkazib beruvchilar bilan ishlamoqda. Asosiy eksportchilar AQSh va Norvegiya bo‘lib, Yevropa Komissiyasining muqobil hamkorlar izlash harakatlari davom etmoqda.

Ikkinchi hal qiluvchi omil Yevropa Ittifoqidagi fuqarolar va korxonalarning energiyani tejash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlari bo‘ldi. Energetika inqirozi boshida Yevrokomissiya gaz iste’molini 15 foizga kamaytirishni taklif qilgan edi, ammo natijada bu ko‘rsatkich deyarli 18 foizga yetdi. Bu miqdorning yarmi xonadonlar hisobidan tejalgan. Umuman olganda, Yevropa Ittifoqi aholisi va kompaniyalari 50 milliard kub metr gazni tejashga muvaffaq bo‘lishdi, "ya’ni, har yili Rossiyadan import qilinadigan hajmning uchdan bir qismini", dedi Yevrokomissiya vakili.

Uchinchi omil - qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya: 2022 yilda Yevropa Ittifoqi shamol va quyosh energiyasini o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘p ishlab chiqardi va bu 11 milliard kub metr Rossiya gazini almashtirdi, deb xabar berdi Bryussel. Ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiya energiya manbalaridan butunlay voz kechishga yordam berish uchun yaratilgan 270 milliard yevrolik fonddan foydalanish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid